Oʻzbekistonda pedagoglar ish beruvchining byudjet mablagʻlari hisobidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi

18:29 04 Mart 2019 Jamiyat
327 0

Illyustrativ foto

Adliya vazirligi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tahlil qilish natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura, Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim, Moliya, Sogʻliqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilib belgilangan tartibda hukumatga kiritildi.

Vazirlik xabariga koʻra, Mehnat kodeksining 214-moddasida, ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chogʻida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilishi shart boʻlgan xodimlar roʻyxati koʻrsatilgan hamda tibbiy koʻriklardan oʻtilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor boʻlmasligi belgilangan.

Tahlillarga koʻra, qonunchilikda tibbiy koʻriklar qaysi mablagʻlar hisobidan oʻtkazilishi nazarda tutilmaganligi oqibatida, umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim muassasalarining bevosita bolalarga taʼlim va tarbiya berish bilan mashgʻul boʻlgan pedagog va boshqa xodimlari oʻzlarining shaxsiy mablagʻlari hisobidan sogʻliqni saqlash muassasalarida tibbiy koʻrikdan oʻtkazilayotganligi maʼlum boʻldi.

Loyihada ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni hamda umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim muassasalarining bevosita bolalarga taʼlim va tarbiya berish bilan mashgʻul boʻlgan pedagog va boshqa xodimlarini ish beruvchining byudjet mablagʻlari hisobidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi tartibi nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bilan fuqarolarni, ishchi, xizmatchilar, shuningdek xodimlarni davlat tomonidan ijtimoiy himoya qilinishi taʼminlanadi, deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?