Oʻzbekistonda paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanish 5 foizni tashkil etadi — Qishloq xoʻjaligi vazirligi

17:39 28 Avgust 2019 Jamiyat
116 0

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hamda “Oʻzagrotexsanoat” aksionerlik jamiyati rahbar xodimlari ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan oʻz vaqtida taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosi va mohiyati haqida maʼlumot taqdim etildi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutasaddilarining maʼlum qilishicha, joriy yilda vazirlik tomonidan 10 ming 640 dona (2,6 trln.soʻmlik) qishloq xoʻjaligi texnika va agregatlarini yetkazib berish belgilangan. 2019-yilning 1-choragidv 2609 dona (128,1 mlrd.soʻmlik), shundan lizing asosida 1 387 dona (34,2 mlrd.soʻm) yangi texnikalar yetkazib berilgan. Bugungi kunda texnika parkini yangilanish darajasi 2,1 foizni, taʼminlanish darajasi esa 87 foizni tashkil etadi.

“Mazkur qaror asosida fermerlar uchun respublikada ishlab chiqarilgan barcha turdagi traktorlar, gʻalla va paxta seyalkalari, shuningdek, uch yoki undan ortiq omoch korpuslarini xarid qilish uchun kredit va lizing shartnomalari boʻyicha foiz xarajatlari tijorat banklari va lizing kompaniyalari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foiz miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilab berildi”, — dedi qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash va texnik modernizatsiyalash boshqarmasi boshligʻi Qodir Ismoilov.

Ochiq muloqot davomida jurnalistlar fermerlarning chetdan texnikani erkin olib kirishlari yoxud chet ellik importyorlar uchun qishloq xoʻjaligi texnikalarini Oʻzbekistonga olib kirishda muayyan toʻsiqlarga uchrash holatlari haqida savol berishdi.

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ boshqarma boshligʻi Bexzod Ayubovga koʻra, respublikamizda bu boradagi muammolar haqida maʼlumot yoʻq. Biroq yangi PQ-4268 qarorda belgilangan imtiyozlardan foydalangan holda fermer-klaster mahalliy ishlab chiqarilgan texnikalarni sotib olishda sezilarli darajada mablagʻ tejaydi.

Muxbirlar mutaxassislardan Oʻzbekistonda paxta terishda asosan qoʻl mehnatidan foydalanilishi, agar Oʻzbekistonda paxta terish mashinalarini ishlab chiqish va eksport qilish tizimi yoʻlga qoʻyilayotgan boʻlsa, qancha muddat ichida paxta terimi toʻliq mexanizatsiyalashtirilishi va bu paxta sifatiga qay darajada taʼsir koʻrsatishi haqida savol berishdi.

— Tan olish kerakki, qoʻlda terilgan paxta mashinada terilgan paxtaga nisbatan oʻz sifatini saqlab qoladi. Yaʼni, paxta qoʻl mehnatida tolalari toza teriladi. 2019-yilda Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida eksperiment tariqasida paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanishni oshirish rejalashtirilgan. Natijalarga qarab 2025-yilgacha bu koʻrsatkichni 35 foizga oshirish moʻljallangan. Hozirgi kunda bu 5 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, alohida taʼkidlash lozimki, bizda gʻallani oʻz vaqtida yigʻish uchun texnika 125 foiz taʼminlangan. Avvalgi yillarda gʻalla bir oy mobaynida yigʻilgan boʻlsa, bu yil 20 kunda terimni yigʻib olish imkoniyatiga egamiz. Respublika boʻylab gʻalla terimi mavsumida 3500 dona kombaynlar oʻz vaqtida donni isrof qilmay yigʻish uchun yetarli boʻlishi aniqlangan boʻlsa, bizda hozir 4200 dona kombayn mavjud, —, dedi qishloq xoʻjaligi vazirligi boshqarma boshligʻi Qodir Ismoilov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?