O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari tartibi o‘zgartiriladi

10:20 06 Iyun 2018 Jamiyat
1675 0

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi test savollarini tayyorlash uslublarini xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqiladi va takomillashtiriladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Qarorda ko‘rsatib o‘tilishicha, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda:

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi test savollarini tayyorlash uslublarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqish hamda ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

Ilg‘or xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va hokazo) sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga tegishli fanlardan belgilangan eng yuqori ball berish va ushbu fanlar test sinovidan ozod qilish tartibini ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Shuningdek, qarorga muvofiq oliy ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori lavozimi o‘rniga yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori lavozimi joriy etiladi, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlarning faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi Prezident devonining Yoshlar siyosati masalalari xizmatiga yuklanadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlari — tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va prorektorlarining, innovatsion rivojlanish vaziri — barcha oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlarining faoliyati natijalarini ularning “Yo‘l xaritalari”da belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan har oyda kamida bir marta tanqidiy muhokama qilib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda tegishli oliy ta’lim muassasalarining faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan hisobotlari har yili Vazirlar Mahkamasining majlislarida muhokama etiladi.

Vazirlar Mahkamasi muhokama natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasalari rektorlarining egallab turgan lavozimiga loyiqligi yoki noloyiqligi masalasini ko‘rib chiqadi. Oliy ta’lim muassasalari rektorlarining faoliyati samaradorligiga baho berishda o‘quv jarayoniga yuqori malakali xorijiy olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarning keng jalb qilinganligi, shuningdek, O‘zbekistonda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallarini ochishda ularning tashabbuskorligi inobatga olinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?