Oʻzbekistonda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berildi

15:41 21 Oktyabr 2019 Jamiyat
224 0

Sogʻliqni saqlash vazirligida mamlakatimizda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berilishi munosabati bilan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbir Sogʻliqni saqlash vazirligi, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda tegishli davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari, onkolog, epidemiolog, ginekologlar va jurnalistlar ishtirok etdi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Tadbirda qayd etilganidek, bachadon boʻyni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan biri hisoblanadi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, dunyoda birgina 2018-yilda bachadon boʻyni saratoni bilan qariyb 570 000 yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 000 nafardan ortiq ayollar vafot etadi.

Dunyoda boʻlgani kabi, mamlakatimizda ham ushbu xastalik ayollar oʻrtasida tarqalishi boʻyicha koʻkrak bezi saratonidan keyin ikkinchi va kasalliklardan oʻlim koʻrsatkichi boʻyicha esa tugʻish yoshidagi ayollar orasida ikkinchi oʻrinda turadi. JSST maʼlumotlariga koʻra, har yili yurtimizda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon boʻyni saratoni kasalligiga chalinmoqda.

Milliy emlash kalendariga koʻra, mamlakatimizda bolalar davlat byudjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyalarga qarshi emlanadi. Shuning uchun ham yurtimizda epidemiologik holat barqaror saqlanmoqda. Endilikda OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa yana bir ogʻir kasallik — bachadon boʻyni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi.

Bugundan boshlab yurtimizdagi barcha 9 yoshli oʻsmir qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanadi. Shu oʻrinda qayd etish lozimki, odam papilloma virusiga qarshi vaksinaning narxi ancha qimmatligi sabab aksariyat davlatlarda u pulli asosda bajariladi. Mamlakatimizda esa, oʻsmir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi. Natijada kelajakda har yili 1100 ta kasallanish va bachadon boʻyni xastaligi boʻyicha esa 600 ga yaqin oʻlim holatining kamayishiga erishiladi.

Tadbirda qayd etilganidek, JSST odam papillomasi virusiga qarshi vaksinani barcha immunizatsiya dasturlariga kiritishni tavsiya etadi. Bugungi kunda jahonning 96 davlati uni oʻz milliy emlash kalendariga kiritgan. Ularning orasida Buyuk Britaniya, Daniya, Shvetsiya, Finlyandiya kabi qator Yevropa davlatlari, shuningdek, AQSH, Kanada, Avstraliya va Lotin Amerika mamlakatlari ham bor. Shunday qilib, 2006-yildan boshlab shu kungacha butun dunyoda 100 million nafardan ortiq odam ushbu vaksina bilan emlangan.

Shu oʻrinda koʻpchilikni vaksinaning qizlarning reproduktiv funksiyasiga salbiy taʼsiri boʻlmaydimi, degan savol qiziqtirishi tabiiy. Oʻtkazilgan xalqaro ilmiy tadqiqotlarda shu aniq boʻldiki, yuqorida qayd etilganidek, mazkur vaksina nafaqat saratondan himoyalash, balki, reproduktiv aʼzolar salomatligini ham yanada mustahkamlash xususiyatiga ega ekan.

Bundan 9 yil oldin, yaʼni, 2010-yilda emlangan 8000 nafar qizlardan biri Guliraʼno Rahimjonova 3 yoshli qizchasi bilan ushbu tadbirga tashrif buyurib, OPVga qarshi emlashdan keyin sogʻligʻi bilan bogʻliq hech qanday salbiy muammo yuz bermaganini, aksincha, vaksina salomatligini yaxshilashga xizmat qilganini alohida taʼkidladi. Uning aytishicha, bundan 9 yil avval u bilan birga emlangan tengdoshlarining aksariyati hozirda onalik baxtiga musharraf boʻlgan.

Matbuot anjumanida milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan odam papilloma virusiga qarshi vaksinaning jahon tibbiyotida qoʻllanilishi tajribasi, uning inson salomatligini asrashdagi muhim natijalariga oid maʼruza va taqdimotlari oʻtkazildi. Jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?