O‘zbekistonda nodavlat ta’lim istiqbollari qanday? Yoxud nodavlat oliy ta’lim dargohlarini tashkil etish davri allaqachon yetib kelgan

15:47 04 Iyul 2018 Jamiyat
2585 0

Ma’lumki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda barcha sohalardagi keng ko‘lamli islohotlar xalq bilan muloqot prinsipiga uyg‘un va hamohanglikda amalga oshirilayapti. Ta’lim tizimidagi strategik o‘zgarishlar ham bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Binobarin, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, sohaga davlat-xususiy sherikchilikning samarali mexanizmlarini joriy etish, bu borada ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish bo‘yicha qator yangiliklarga qo‘l urildi. Bu bejiz emas. Sababi yaqin-yaqingacha ham tadbirkorlarga nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun litsenziya berishning markazlashib ketgani eng dolzarb va o‘z yechimini kutayotgan muammolardan biri bo‘lib kelayotgan edi. Masalan, uzoq hududlarda yashovchi biror ishbilarmon xususiy bog‘cha yoki maktab ochmoqchi bo‘lsa, albatta Toshkentga bir necha bor kelib-ketishiga to‘g‘ri kelardi. Boz ustiga, litsenziya natijalarini oylab kutardi. Agar litsenziyani qo‘lga kirita olmasa, u yog‘ini o‘zingiz o‘ylayvering. Xullas, sarson-sargardonchilik, asabbuzarliklar xo‘p va ko‘p edi.

Zero, davlatimiz rahbari ham qator chiqishlarida mazkur mazkur masalaga alohida to‘xtalib, tanqidiy fikrlar bildirdi hamda tegishli vazirlik va idoralarga aniq topshiriqlar berdi. Bu borada Prezidentimizning 2017 yil 15 sentyabrdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamalga aylandi.

Yurtboshimiz tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan qator ishlar olib borilayapti. Xususan, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda nodavlat ta’lim xizmatlarni ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish yo‘lida fuqarolarning talab va istaklarini inobatga olgan holda qaror loyihasi tayyorlandi.

Uni ishlab chiqish jarayonida ilg‘or xalqaro tajribalar chuqur o‘rganildi. Jumladan, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi delegatsiyasi Koreya Respublikasiga xizmat safari uyushtirdi. Tashrif davomida Janubiy Koreyaning nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun va qonunosti hujjatlari ko‘rib chiqildi. Bir qator mutassadi tashkilotlarda uchrashuv va seminarlar tashkil etilib, qaror loyihasi muhokama qilindi, o‘rganilgan malakalarning namunali omillari inobatga olindi.

Masalan, Janubiy Koreya maktabgacha ta’lim muassasalarida asosiy e’tibor ta’lim-tarbiya jarayoniga qaratiladi. Ya’ni ushbu davrda olingan ta’lim-tarbiya kelajak uchun pishiq-puxta poydevorga aylanadi, bolalarni ta’lim olishga qiziqtirish bog‘chadan boshlanishi zarur degan qat’iy prinsipga rioya etiladi. Pirovardida bugun Koreya Respublikasida yoshlarni bog‘chada qamrab olish darajasi 98 foizga yetkazilgan. Bu esa shubhasiz keyingi bosqichdagi ta’lim sifatiga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Mazkur jarayonlardan so‘ng Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yil 27 martda “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qilindi. Uning hayotga tatbiq etilishi bilan nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil qilish jarayoni yanada soddalashtirildi, litsenziya talabgorlarining murojaatlarini qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish belgilab qo‘yildi. Ayni chog‘da Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali litsenziya talabgorlari hujjatlarini qabul qilishning elektron tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Litsenziya talabgorlarining hujjatlari 10 kun ichida ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Vaholonki, oldin ushbu jarayon 30 kunni tashkil etardi. O‘z navbatida litsenziya olish uchun kerak bo‘lgan hujjatlar soni soddalashtirilib, 9 tadan 5 taga kamaytirildi. Barcha yuridik shaxslar tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’iy nazar nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni olib borish uchun litsenziya olish huquqiga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yildi. Maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi vazirliklari hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazlari bilan birgalikda viloyat, tuman (shahar) kesimida malakali mutaxassislardan iborat ekspert guruhlari shakllantirildi.

Shular asosida maktabgacha ta’lim muassasalari va ulardagi ta’lim-tarbiya jarayonlariga mutlaqo yangicha tafakkur bilan qaralayapti. Ayniqsa, davlat-xususiy sherikchilik asosida MTM tashkil etish kun tartibidagi muhim masalalardan biriga aylangan. Ayni paytda respublikamizning har bir viloyatida nodavlat maktabgacha ta’lim muassaslari faoliyat yuritayotgani va ularning umumiy soni 339 tani tashkil etayotgani bunga misol bo‘la oladi. O‘ylaymizki, bunday dargohlar soni tizimli va nazorat ostida oshib borishi maktabgacha ta’lim tizimi sifatini yangi bosqichlarga olib chiqadi.

Shularga mushtarak ravishda umumiy o‘rta ta’lim tizimida nodavlat maktablarning o‘rni kuchayib borishi tabiiy. Buni AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarda nodavlat maktablarda ta’lim sifati juda yuqori darajada ekanligi timsolida ham yaqqol anglash mumkin. Zero, bu umumiy ta’lim tizimi sifatini yuqori darajaga olib chiqishning eng muhim mezonidir.

Hozirgi kunda respublikamizda nodavlat maktablar soni 57 tani tashkil etmoqda. Ularning soni yanada ko‘payishi shubhasiz. Xo‘sh, boshqa muqobillarini aslo kamsitmagan holda bunday ta’lim maskanining afzalliklari nimalarda ko‘rinadi?

Avvalo, nodavlat maktablarda yaratilgan shart-sharoitlar barcha talablarga javob beradi. Ularda qo‘llanilayotgan o‘quv reja hamda o‘quv dasturlari asosida har bir o‘quvchiga alohida-individual yondashiladi. Navqiron avlodga o‘z ustida mustaqil ishlashi uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Qiziqishlari va ishtiyoqidan kelib chiqib ta’lim beriladi, ikki-uchta xorijiy til o‘rgatiladi. O‘qishdan tashqari muassasaning o‘zida tashkil etilgan turli fan to‘garaklari, sport mashg‘ulotlari samarali olib boriladi. Bundan ota-ona ham, pedagog ham, bola ham manfaat topadi.

Umuman olganda, mamlakatimizda nodavlat ta’lim xizmatlari sohasidagi faoliyat maktabgacha (bog‘chalar), umumiy-o‘rta (maktab) va kadrlar malakisini oshirish va ularni qayta tayyorlash (o‘quv markazlari) ta’lim turlari bo‘yicha tez rivojlanib bormoqda va mazkur ta’lim turlari bo‘yicha nodavlat ta’lim maskanlari soni ortayapti.

Biroq shu kunga qadar respublikamizda nodavalat o‘rta-maxsus (kollej va litseylar) va oliy (institut va universitetlar) ta’lim muassaslari tashkil etilmagan. Nega? Vaholonki, mamlakatimizning uzluksiz ta’lim tizimini yuqori bosqichlarga olib chiqish, ta’lim tizimidagi sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ta’lim sifatini oshirish, ta’lim olish istagida bo‘lgan yoshlarimizga keng imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratish, yangicha va mustaqil fikrlaydigan, raqobatbardosh va kelajakda mamlkatimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shadigan kadrlar tayyorlash uchun nodavlat oliy ta’lim muassasalarini tashkil etish vaqti allaqachon yetib kelgan.

Barcha rivojlangan mamlakatlar, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Singapurda nodavlat oliy ta’lim muassasalarining o‘rni beqiyos. Ta’lim tizimiga baho beruvchi, dunyo tan olgan oliy o‘quv muassasalarining jahon reytinglarida ham nodavlat ta’lim muassaslari eng yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Yurtimizda esa davlat ta’lim dargohlariga ajratilgan kvotalar ta’lim olmoqchi bo‘lgan yoshlarimizni 9-10 foizinigina qamrab olayotir. Mazkur holat ularni chet el univeristetlari, aksariyat hollarda Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘istonda tashkil etilgan nodavlat oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishga majbur qilayapti. Ammo mazkur davlatlarda tashkil etilgan OTMdagi ta’lim sifatiga kafolat berib bo‘lmaydi, albatta. Qolaversa, bu holat respublikamizdan iqtidorli va tashabbuskor yoshlarni chet elga chiqib ketishiga ham sabab bo‘layotir.

Modomiki, mamlakatimizda nodavlat oliy ta’lim muassasalarini ochilishi xizmatlar eksportini rivojlantirishga olib keladi. Diyorimizga kelgan har bir xorijiy talaba kontrakt to‘lovini amalga oshirishdan tashqari u o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun yiliga o‘rtacha 10 million so‘m sarf-xarajat qiladi. Bu ham, o‘z o‘rnida, iqtisodiyotimizni rivojlantirishga o‘zining xissasini qo‘shadi.

Nodavlat oliy ta’lim muassaslarining tashkil etilishi respublikamizda yangi ish o‘rinlar yaratilishi, nodavlat va davlat ta’lim sektori o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini paydo bo‘lishi, yoshlarimizni o‘zlari xohlagan yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim olishi, ta’lim va sanoatni chambarchas bog‘lanishi, ta’lim va kadrlar sifatini oshishi, davlat byudjetiga tushumlarning ko‘payishi, byudjetdan qoplanadigan sarf- xarajatlarning kamayishi kabi ko‘p masalalarga ijobiy yechim bo‘la oladi.

Raqobat bor joyda esa o‘sish bo‘ladi, o‘sish bor joyda sifat bo‘ladi, sifat bor joyda esa natija bo‘ladi. Eng muhimi, milliy qadriyatlar va zamonaviy yutuqlarni o‘zida jamlagan ilm maskanlaridan buyuk ajdodlarga munosib, Vatan ravnaqiga ulkan hissa qo‘sha oladigan avlodlar yetishib chiqadi.

Sanjar OBIDOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Ta’lim sifatini nazorat qilish
davlat inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?