Oʻzbekistonda nikoh yoshi ayollar uchun 18 yosh etib belgilanmoqda

16:51 16 Avgust 2019 Jamiyat
204 0

Illyustrativ foto

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida nikoh yoshi ayollar uchun 18 yosh etib belgilash masalasi koʻrib chiqildi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev oʻzining Telegram kanalida maʼlum qildi.

“16-avgust kuni oʻtkazilgan fraksiya majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga oʻzgartirish kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi doirasida ushbu masala koʻrib chiqilib, maʼqullangan. Endi loyiha navbatdagi yalpi majlisda koʻrib chiqiladi.

“Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyaning 1-moddasiga koʻra 18 yoshga toʻlmagan har qanday inson bola hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga 1992-yil 9-dekabrda qoʻshilgan. Biroq Oʻzbekiston milliy qonunchiligida 18 yoshga yetmagan shaxsni nikoh tuzishga (turmushga chiqishiga) ruxsat berilishi haqidagi normaning mavjudligi xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va prinsiplariga muvofiq emas edi.

Yuqoridagilarga asosan, Oila kodeksining 15-moddasi birinchi qismi bilan nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilanmoqda. Amalda esa 17 yosh.

Maʼlumotlarga koʻra, FHDYO organlari tomonidan 17 yoshda nikohi qayd etilgan xotin-qizlar soni 2016-yilda 4233 tani, 2017-yilda 4853 tani va 2018-yilda 5123 tani tashkil etgan.

Taʼkidlanishicha, qonunning qabul qilinishi xotin-qizlarni erta nikohini va erta tugʻrugʻini oldini olishga xizmat qiladi. Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida xorijiy mamlakatlarda nikoh yoshini belgilanganligi holati ham oʻrganilgan. Jumladan, Rossiya, Armaniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Ukraina, Moldova, Fransiya, Germaniya va Filippin Respublikasida nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun oʻn sakkiz yosh etib belgilangan”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?