Oʻzbekistonda “Moskva muhandislik-fizika instituti” milliy tadqiqot yadro universitetining birinchi xorijiy filiali ochildi

22:48 03 Sentyabr 2019 Jamiyat
254 0

2019-yil 3-sentyabr kuni Toshkentda “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti (MMFI MTYAU) filialining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Oʻzatom” matbuot xizmati xabar berdi.

Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, “Rosatom” atom energiyasi boʻyicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov, Oʻzbekiston Resublikasi Energetika vaziri, Bosh vazirning maslahatchisi Alisher Sultonov, Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining oliy rahbariyat vakillari, “Oʻzatom” agentligi, “Rosatom” davlat korporatsiyasi vakillari va boshqa hurmatli mehmonlar ishtirok etdi.

Toshkentda “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti filialining ochilishi Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlik rivojlanib borishining yorqin tasdigʻidir. Bu yerda talabalar eng zamonaviy dasturlar asosida taʼlim oladi. Ushbu taʼlim muassasasi nafaqat Rossiyada, balki xalqaro darajada ham tan olingan. Filialning barcha bitiruvchilari Oʻzbeistonda va xorijda tan olinadigan Rossiya namunasidagi dimlomlar oladi va atom sohasidagi mahalliy korxonalarda ish oʻrinlari bilan taʼminlanadi.

“Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori “MMFI” filialining ochilishi mamlakatda atom tarmogʻini rivojlantirish uchun mutaxassislarni tayyorlash sifatli dasturini rivojlantirishga yordam beradi, deb ishonch bildirdi.

- Oʻzbekistonda birinchi atom elektr stansiyasining qurilishi koʻlamli loyihadir, uni amalga oshirish, soʻzsiz, kadrlar potensialiga bogʻliq. Kadrlarni tayyorlash esa mamlakat atom tarmogʻini muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun asos boʻladi. Ushbu sohada oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorligimiz juda ham muvaffaqiyatli rivojlanayotganidan mamnunmiz, - dedi Aleksey Lixachyov.

Tantanali nutqlardan soʻng mehmonlar ramziy lentani qirqishdi, bu esa xorijiy OTMning birinchi filiali ochilganidan darak berdi. Soʻng marosim ishtirokchilari mamlakatning boʻlajak atomchilari oʻqiydigan auditoriyalar, yangi kampusdagi zamonaviy laboratoriyalarni koʻzdan kechirdi. “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov birinchi talabalar bilan suhbatlashdi va ularga oʻqishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yoʻldoshev va “MMFI” MTYAU rektori Mixail Strixanov birinchi talabalarga Rossiyaning eng yaxshi “atom” universiteti tarixi haqida maʼruza oʻqishdi.

Filialni ochish gʻoyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga tegishlidir. Yangi OTM faoliyatining asosiy yoʻnalishlariga yadro energetikasi, issiqlik fizikasi sohasida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash, yadro fizikasi sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni olib borish kiradi.

Oʻqitish jarayoniga oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan bir qatorda RF va xorijiy mamlakatlardagi yetakchi OTMda koʻp yillik pedagogik faoliyatga ega boʻlgan rossiyalik yuqori malakali pedagoglar jalb etilgan. Talabalarda masofali oʻqitish orqali jahon ekspertlarining leksiyalarini eshitish imkoni ham boʻladi. Birinchi lektorlar qatoridan MAGATE vakillari va “Rosatom” mutaxassislari oʻrin olgan.

Bu yerda ilk bor 100 nafar talaba imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib yaqin kunlarda oʻqishni yangi kampusda boshlaydi. Oʻqish byudjet asosida boʻladi.

Maʼlumot uchun:

“MMFI” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filiali respublikada birinchi AES qurish loyihasini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari kelishuvlari boʻyicha tashkil qilingan. 2018-yil sentyabr oyida ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida respublikada har birining quvvati 1200 megovatt boʻlgan ikkita energoblokli VVER turidagi reaktor moslamali atom elektr stansiyasini qurish haqida memorandum imzolangan edi.

Oʻzbekistonda AES qurish uchun joy Jizzax viloyatidagi Tuzkon koʻli yaqinidagi maydon tanlangan edi.

2018-yildan boshlab bevosita “MMFI” Milliy tadqiqot yadro univerrsiteti negizida Rossiya poytaxtida Oʻzbekistondan 56 talabani OTM va “Rosatom” davlat korporatsiyasi kvotasi boʻyicha oʻqishni boshlashgan.

Shu bilan birga, mamlakat atom tarmogʻi uchun oʻz vaqtida va sifatli mutaxassislarni tayyorlash maqsadida “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan hamkorlik doirasida “Oʻzatom” agentligi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mutaxassislari atom energetikasi va yadro texnologiyalari sohasida qisqa muddatli va oʻrta muddatli malaka oshirish kurslari va stajirovka oʻtishmoqda.

Mamlakatimizda atom tarmogʻi uchun kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlik kengaytirib borilmoqda. Xususan, shu vaqtga qadar Belarus, Butun jahon yadro uyushmasi (WNA) huzuridagi Butun jahon yadro universiteti va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar imzolagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?