Oʻzbekistonda Milliy umumtaʼlim elektron kutubxonasi ochildi

19:46 18 Aprel 2019 Jamiyat
429 0

Bugun, 18 aprel kuni Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Milliy umumtaʼlim elektron kutubxonasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda LG CNS kompaniyasi, Janubiy Koreyaning eksport-import banki, Janubiy Koreyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutasaddilari, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va uning tasarrufidagi Axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari va OAV xodimlari ishtirok etadilar.

Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “Milliy umumtaʼlim elektron kutubxona”si (UZNEL) loyihasi Janubiy Koreya Respublikasining iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamgʻarmasi bilan birgalikda amalga oshirildi.

“Milliy umumtaʼlim elektron kutubxona” loyihasining 1-bosqichida Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va 20 ta viloyat kutubxonalarini oʻzaro bogʻlab yagona maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish koʻzlangan boʻlsa, kelajakda Oʻzbekiston hududida joylashgan 200 ta kutubxonani qamrab olishi rejalashtirilmoqda.

Loyihaning tantanali ochilish marosimida LG CNS kompaniyasi prezidenti Kim Yon Sob soʻzga chiqib, barchani ushbu loyihaning ishga tushirilishi bilan qutladi va uning uzoq vaqtlar aholining mutolaaga boʻlgan qiziqishini rivojlantirish va Oʻzbekistonda kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishda xizmat qilishiga umid bildirdi. “Hozirgi kunda dunyoda barqaror rivojlanib borayotgan Oʻzbekistonda nafaqat iqtisodiy balki maʼnaviy rivojlanishga katta eʼtibor qaratilayotgani sir emas. Milliy umumtaʼlim elektron kutubxonasini yaratish loyihasi oʻzbek-koreys iqtisodiy hamkorligining ustuvor loyihalaridan biri hisoblanadi. Fursatdan foydalanib, loyihaning vujudga kelishida xayrixohlik qilgan, mazkur loyihaga boʻlgan qiziqishlari va uning tatbiq etilishiga oʻz hissasini qoʻshgan barchaga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman”, -dedi u.

Название

Janubiy Koreyaning eksport-import banki raisi Ing Son So tadbir ishtirokchilarini Milliy umumtaʼlim elektron kutubxonasi ochilishi bilan qutladi hamda uning mohiyati va maqsadi bilan tanishtirdi. “Loyihaning asosiy maqsadi jamoatchilikda elektron axborot resurslaridan foydalanishni oshirish, axborot-kutubxona muassasalarini yagona elektron kutubxona tizimiga ulash bilan birga, aholi bilim saviyasi va sifatini oshirishdan iborat. Milliy umumtaʼlim elektron kutubxonasi elektron kutubxona, raqamlashtirish va skanerlash markazi hamda multimedia markazidan iborat. Milliy umumtaʼlim elektron kutubxonasi Oʻzbekistonda nafaqat axborot-kutubxona sohasi, balki axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlanishida ham oʻz hissasini qoʻshishiga ishonamiz”.

“Bu loyiha nafaqat Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi loyihasi, balki 20 yirik axborot-kutubxona muassasalarini birlashtirgan, respublika miqyosida ilk joriy etilgan elektron kutubxonasidir. Milliy umumtaʼlim elektron kutubxonasining tamal toshi 2018 yilda qoʻyilgan boʻlsa-da, unga aʼzo boʻlgan axborot-kutubxona muassasalarini oʻrganish, ularning imkoniyatlari bilan tanish ishlari ancha avval boshlangan. Bugun elektron kutubxonasi ochilishi marosimida uning tashkil topishi va faoliyatini boshlashida bizni qoʻllab-quvvatlagan davlatimiz rahbarlariga, Koreya davlatidan kelgan mutaxassislarga, barcha hamkor tashkilotlar va korxonalarga cheksiz tashakkurimizni bildirmoqchiman. Milliy umumtaʼlim elektron kutubxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ilgari surgan besh tashabbusning toʻrtinchisi, yaʼni aholi, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish tashabbusiga hamohang boʻlib, aholi va yoshlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini targʻib qilish, ularning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilishiga ishonaman”, - dedi Milliy kutubxona direktori U.Teshabayeva.

Marosimdan soʻng ishtirokchilar foydalanuvchilarga zamonaviy, sifatli va tezkor xizmat koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan Milliy umumtaʼlim elektron kutubxonasi - multimedia oʻquv zallari, video hudud, imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun maxsus joylar, raqamlashtirish markazi, audio va video studiyalar bilan yaqindan tanishdilar.

Tadbir soʻngida 20ta axborot-kutubxona muassasasiga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, loyiha doirasida mazkur muassasalar skaner uskunasi va jihozlari bilan taʼminlanishi aytildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?