Oʻzbekistonda milliy avtomobillar ishtirok etgan 3D multfilm suratga olindi

18:19 16 Yanvar 2019 Madaniyat
1287 0

2019 yil 15 yanvar kuni “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Badiiy kengashining navbatdagi yigʻilishida kengash tomonidan “Avto sarguzashtlar” multfilmi muhokama qilingan edi. Bu haqda qisqacha maʼlumot: “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Astir Animation Studio” korxonasi postanovkachi rejissyor Abdulatif Haydarov boshchiligida “Avto sarguzashtlar” nomli 3D animatsion filmlar turkumi yaratildi. 3D animatsion film ijodkorlari 2018 yilda ishlab chiqarish moʻljallangan oltita qismiga 11 oy vaqt sarflashdi. Multfilmning har bir qismi davomiyligi 3-4 daqiqani tashkil qiladi. “Avto sarguzashtlar” multfilmini yaratishda 15-20 nafarga yaqin mutaxassislar ijod qilishdi.

Filmda barchamizga tanish boʻlgan oʻzbek avtomobillari multqahramonlar qiyofasida namoyon boʻlgan. Multfilm qahramonlarining qiyofasini illyustrator, rassom va multfilmning sahnalashtiruvchi rassomi Zilola Hamidova tomonidan yaratilgan.

Quvnoq avtomobillar yashaydigan zamonaviy shahar modellashtirilishida meʼmoriy jihatdan milliylik va zamonaviylik uygʻunlashtirilgan boʻlib, bunda barchamizga tanish boʻlgan bino ova inshootlar, muzeylar, masjidlar, mehmonxonalar, yaqin yillarda qurilishi tamomlanadigan Tashkent City majmuasi va boshqa diqqatga sazovor joylarning multfilm uchun moslashtirilgan 3D koʻrinishini uchratasiz.

Multfilmning eng asosiy yutuqlaridan biri - uning animatsiyasi. Filmda dinamika juda kuchli, harakatlar tezligi chet el 3d multfilmlaridan qolishmaydigan darajaga olib chiqilgan. Birinchi yaratilgan oltita qismda multfilm voqealari markazida kichkintoy matiz. Shu bilan birga, uning oilasi va yaqin doʻstlari ham eʼtibordan chetda qolmagan. Ular kechirayotgan sarguzashtlar kichkintoy teletomoshabinlar uchun nafaqat qiziqarli, balki tarbiyaviy ahamiyatga ham egadir.

“Astir Animation Studio” bu loyiha doirasida 2018-yilda bajarilgan boshqa loyihalarga nisbatan ikki barobar koʻproq ish hajmini bajardi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shu paytgacha Oʻzbekistonda 10 daqiqalik multfilm yaratishga 1 yil yoki undan koʻproq vaqt sarflashgan boʻlsa, “Astir animatsion studio” jamoasi ishga zamonaviy yondashuvi natijasida 11 oyda 20 daqiqadan koʻp yuqori sifatli multfilm ishlashdi. Bu oʻn yillik davri ichida eng tez, sifatli va samarador ishlagan studiya desak adashmagan boʻlamiz.

Multfilmning ovozlashtirish jarayoniga ham katta eʼtibor qaratilgan boʻlib, har bir qahramonga eng mashhur aktyorlar mohirlik bilan ovoz berishgan. Multfilm bosh qahramoni matizga mahoratli aktrisa Sanobar Sodiqova ovoz bergan. Siz filmda Sanjar Saʼdullayev, Oybarchin Bakirova, Mahmud Ismoilov, Laziza Aslzoda, serqirra aktyor Akbarxoʻja Rasulov, 2018 yilning eng yaxshi aktrisasi Zilola Gʻulomova, Gulnoza Jumanazarova, Rustambek Nasriddinov, Ahror Alijonov, Habibulla Ortiqov, Hamza Xasanovlar oʻz ishlarini aʼlo darajada uddalashganini koʻrishingiz mumkin. Multfilmning futbol muxlislari uchun ham qiziqarli jihati bor boʻlib, multfilm qismlaridan birida jonli tarzda taniqli sharhlovchi Mirzahakim Toʻxtamirzayev shaxsan oʻzlari shiddatli oʻyinni sharhlagan.

“Astir animatsion studio” jamoasi ushbu multfilmni ishlashni boshlaganida oʻzlari oldiga “Bu multfilm Oʻzbekistonda 2018-yilning eng yaxshi multfilmi boʻladi!” degan maqsadni qoʻyishgan edi va qaysidir maʼnoda buning uddasidan ham chiqishdi.

Bu multfilmni koʻrish nafaqat kichkintoy tomoshabinlar uchun, balki ularning ota onalariga ham tavsiya etiladi. Chunki ular avto harakatning ishtirokchisi - haydovchi yoki yoʻlovchilardir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?