Oʻzbekistonda meva-sabzavot yetishtirish sohasini rivojlantirish uchun texnika yetarlimi?

11:16 07 Avgust 2019 Jamiyat
72 0

Illyustrativ foto

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP va “Adolat” SDP fraksiyalarining tashabbusi bilan navbatdagi “Hukumat soati” oʻtkazildi. Unda deputatlarning “Mamlakatda meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha klaster tizimiga oʻtishning samaradorligi va bu borada istiqboldagi vazifalar yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan savollariga javob berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi rahbariyati taklif qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasida butun dunyo tajribasida oʻzini oqlagan yangi tizim — klaster tizimiga oʻtish, ular faoliyatini rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratib kelinmoqda.

“Hukumat soati”da bu borada erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda, sohada yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, mavjud muammo va yechilishi lozim boʻlgan masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi. Shu boʻyicha deputalar tomonidan berilgan savollarga javob qaytarildi.

Maʼlum boʻlishicha, bugungi kunda respublikamizda 241 mingta qishloq xoʻjalik texnikasi, shundan 52 ming mingta traktorlar mavjud. Traktorlar bilan taʼminlanganlik darajasi sabzavot va polizchilikda – 54 foiz, bogʻdorchilik va uzumchilikda – 48 foiz, chorvachilikda – 55 foizni tashkil etadi. Shundan bogʻdorchilikka ixtisoslashtirilgan traktorlarning 57 foizi, transport traktorlarining 41 foizi, haydov traktorlarining 31 foizi oʻz xizmat muddatini oʻtab boʻlgan.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutasaddisi ushbu muammo yuzasidan parlament vakillari bergan savolga javob qaytarar ekan, mazkur masalani ijobiy hal etish maqsadida Prezidentimiz tomonidan yaqinda imzolangan “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorga asosan, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan klasterlarda 2019-2025-yillarda 100 mingdan ortiq yangi qishloq xoʻjaligi texnikasi, jumladan, 18 ming 744 ta meva-sabzavotchilikka moslashtirilgan texnikalar ishlab chiqarilib, joylarga yetkazib berilishi belgilanganini qayd etib oʻtdi. Shuningdek, respublikada ishlab chiqarilgan zamonaviy texnika sotib olishda qiymatini 15 foizini subsidiyalash hamda bank krediti yoki lizingga sotib olingan texnikalar boʻyicha foiz stavkalarining 50 foizini davlat tomonidan qoplab berish mexanizmi joriy etilganini maʼlum qildi. Albatta, ushbu mexanizmlar qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini mexanizatsiya darajasini oshirish, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish, hosildorlikni kamida 15-20 foizga oshirish imkonini berishini taʼkidladi.

Oʻz navbatida, deputatlar vazirlikning meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha klaster tizimiga oʻtishning samaradorligini yanada oshirish borasidagi istiqboldagi rejalari, koʻrilayotgan chora-tadbirlari xususida qiziqdilar. Shuningdek, klasterlar tomonidan yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni xorijga eksport qilish borasida yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularni bartaraf etish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan savollar berdilar.

Qizgʻin bahs-munozara va savol-javoblardan soʻng deputatlar tomonidan vazirlik faoliyatini zamon talablaridan kelib chiqqan holda yanada jonlantirishga, mamlakatning qishloq xoʻjaligi sohasidagi jozibadorligini oshirishga qaratilgan qator fikr-mulohaza hamda amaliy takliflar bildirildi.

Tadbir yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish tavsiya etildi. Shu bilan birga, mazkur yoʻnalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?