Oʻzbekistonda mardikorchilik va kirakashlik uchun patent joriy etiladi

15:24 08 Noyabr 2018 Jamiyat
1612 0

Oʻzbekistonda mehnat bozoridagi asosiy muammolardan biri bu norasmiy sektorda bandlik darajasi kattaligidir, bunda barcha ishlovchilarning 56 foizi jamlangan, deyiladi Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev tomonidan tayyorlangan bayonotda.

Taʼkidlanishicha, aynan shu holat qator salbiy oqibatlarga olib kelmoqda - davlat byudjetiga soliq toʻlovlari kelib tushmayapti va bu holat istiqbolda pensiya tizimiga ham oʻz “yukini“ tushirmoqda.

Ushbu muammoni hisobga olgan holda, mavjud “soyada“ boʻlib kelayotgan: ustachilik, mardikorchilik, kirakashlik, uy xizmatlari va shunga oʻxshash faoliyat turlariga patent tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Bunda bir yillik faoliyat uchun eng kam ish haqining 4,5 baravari miqdorida patent toʻlovini amalga oshirish kerak boʻladi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda mehnat munosabatlarini legallashtirish maqsadida: “Aholi bandligi toʻgʻrisida“gi qonunning yangi tahriri chiqarilishi koʻzda tutilgan.

Hujjat ishga joylashishning yangi shakllari (autsorsing, autstaffing, masofaviy ish va boshqalar)ni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, elektron mehnat daftarchalari va elektron mehnat shartnomasiga oʻtish, vakansiyalarni yashirganlik va ishga asossiz qabul qilmaslik holatlari uchun maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirish koʻzda tutilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?