Oʻzbekistonda maktablarga qabul bepul va pulli kvota turlariga ajratiladi

18:33 11 Iyun 2019 Jamiyat
391 0

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Davlat xizmatlari agentligi tomonidan bolalarni davlat maktablariga qabul qilish va oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirish tartibidagi yangiliklarga bagʻishlangan brifing tashkil etildi.

Taʼkidlanishicha, 2019/2020-oʻquv yili uchun bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga 1-sinfga qabul qilish 2019- yil 15-iyundan boshlab Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Maktablarga qabul asosiy va qoʻshimcha kvota turlariga ajratiladi.

Asosiy kvota — tuman (shahar) hokimliklari tomonidan umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan mikrohududda istiqomat qilayotgan fuqarolarning farzandlari, otasi yoki onasi I guruh nogironi boʻlgan hamda yetim yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sonini inobatga olgan holda shakllantiriladi;

Qoʻshimcha kvota — umumtaʼlim muassasalarining imkoniyatidan kelib chiqib, mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi, mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan (tegishli yilning 1-sentyabriga qadar 6 yoshga toʻladigan), shuningdek, umumtaʼlim muassasalarida taʼlim berish tili boʻyicha boshlangʻich bilim (muloqot qilish) koʻnikmasiga ega boʻlmagan bolalar uchun ajratiladi.

Umumtaʼlim muassasalariga asosiy kvota boʻyicha qabul har yili 15-iyundan 31-avgustga qadar amalga oshiriladi.

Umumtaʼlim muassasalariga biriktirilgan mikrohudud boʻyicha tegishli yilning 31-dekabriga qadar 7 yoshga toʻladigan bolalar qabul qilinadi.

Bolalarni umumtaʼlim muassasalariga qoʻshimcha kvota boʻyicha qabul har yili 15-iyundan 31-avgustga qadar amalga oshiriladi.

Toshkent shahar Xalq taʼlimi bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Bahrom Bakiyevning aytishicha, belgilangan tartibga muvofiq qoʻshimcha kvota uchun eng kam ish haqining 10 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda bir martalik toʻlov puli toʻlanadi. Qoʻshimcha kvotalarni olish kuzatuv kengashlari tomonidan muhokamaga kiritiladi. Har bir sinfda bolalar soni 35 nafardan oshmasligi lozim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?