O‘zbekistonda maktab direktorlarini saylash taklif qilinmoqda

09:12 18 Iyul 2018 Jamiyat
267 0
Foto: profkur.uz

“Mening fikrim” portalida O‘zbekistonda maktab direktorlari saylanishini joriy etish haqidagi taklif joylashtirildi.

“Maktab direktorlari maktab joylashgan hududda ta’lim va tarbiya uchun asosiy javobgar va mas’ul shaxslardan biri hisoblanadi. Ko‘p hollarda, garchi munosib bilim, tajriba va salohiyatga ega bo‘lmasa ham, maktab direktorligi lavozimiga tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari o‘zlari istagan shaxslarni tayinlaganiga guvoh bo‘lamiz. Bu albatta, farzandlarimizning tarbiyasida o‘zining natijasini ko‘rsatmay qolmaydi. Buning oldini olish uchun Xalq ta’limi vazirligi huzurida ko‘p yillik tajribaga ega, halol, faxrli pedagoglardan iborat tarkibda kengash tuzish lozim. Bu, o‘z navbatida, kengash tomonidan nomzodlarni ko‘rib chiqish va direktorlikka munosib nomzodni saylash imkoniyatini yaratadi”, deyiladi berilgan taklifda.

Mazkur taklif ayni vaqtgacha 916 ta ovoz to‘plagan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur taklif parlament tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun 10 mingdan ortiq ovoz to‘plashi kerak bo‘ladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?