Oʻzbekistonda koronavirusdan davolanayotgan 904 bemor qoldi, 12 nafarining ahvoli ogʻir - Otabekov

10:48 01 May 2020 Jamiyat
167 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalinganlar haqida rasmiy bayonot berdi.

“Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus infeksiyasi aniqlangan 2046 fuqaro roʻyxatga olingan. Bemorlarning 1133 nafari, yaʼni 55,5 foizi toʻliq sogʻayib, reabilitatsiya markazlariga oʻtkazilgan. Respublika boʻyicha yuqumli kasalliklar shifoxonalari hamda moslashtirilgan shifoxonalarda davolanayotgan 904 bemordan 10 nafarining ahvoli ogʻir, 2 nafarining ahvoli oʻta ogʻir. Ushbu bemorlarning barchasi tibbiy nazorat ostiga olingan. Joylardagi bemorlarni davolash jarayonida malakali mutaxassis va olimlarning ishtiroki taʼminlangan. Viloyatlar va Toshket shahri bilan telemuloqot, telemaslahatlashuv tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Hurmatli yurtdoshlar!

Karantin tadbirlari davom etyapti. Shaxsiy avtomobillarda harakatlanishga, uy atrofida sayr qilishga ruxsat berildi. Lekin siz oʻzingizda va yaqinlaringizda shamollash belgilarini sezsangiz, tana haroratining koʻtarilishi, tomoq ogʻrigʻi, yoʻtal kuzatilsa zinhor koʻchaga chiqmang. Boshqalarga kasallikni yuqtirib qoʻyishdan oʻzingizni saqlang. Zudlik bilan telefon orqali tibbiyot xodimlariga murojaat qiling va shifokorlarni uyingizga chaqiring.

Oʻylaymizki, siz ongli ravishda tavsiyalarimizni qabul qilyapsiz. Ushbu tavsiyalarga rioya qilish orqali epidemik vaziyatni barqarorlashtirishga hissa qoʻshasiz, degan umiddamiz”, deydi Otabekov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?