Oʻzbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda AKT tizimidan qay darajada foydalanilyapti?

12:17 24 Avgust 2020 Siyosat
223 0

Koʻpchilikning esida boʻlsa kerak, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlisga Murojaatnomasida taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shartligi, bu bizga yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini berishi, raqamli texnologiyalarni davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir soʻz bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkinligini taʼkidlagan edi.

Dunyoning barcha davlatlarini sarosimaga solgan koronavirus pandemiyasi (COVID-19) bir jihatdan AKT sohasini rivojlanishiga turtki boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Xususan, aholida taʼlim va tibbiyot sohalariga oid maʼlumotlarga nisbatan ehtiyoj 100 karra oshdi. Bu esa oʻz-oʻzidan birinchi navbatda ushbu sohalarda axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishning dolzarbligini oshirdi.

Xususan, karantin davrida butun Oʻzbekiston taʼlim tizimida masofaviy taʼlimdan foydalanilishi, har kuni minglab oʻqituvchilar, oʻquvchilarimiz uchun onlayn darslar oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi.

Hozir koronavirusga qarshi kurashishni nazoratga olish va samarali ish olib borish va uning oldini olishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish dolzarb vazifa. Shulardan kelib chiqib, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari vazirligi Huawei kompaniyasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda koronavirusning oldini olishda AKT-texnologiyalaridan samarali foydalanish maqsadida bir qator kelishuvlarni amalga oshirdi.

Respublikamiz aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishda mutasaddi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda tashkilotlarning muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish, fuqarolarning hayoti va sogʻligini muhofaza qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 23-martdagi qaroriga koʻra, respublikamizda 24-martdan boshlab fuqarolar tomonidan Internet va telefon aloqasi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirmaganlik uchun 2 oy davomida oʻchirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilandi.

Shuningdek, litsenziya asosida faoliyat yuritayotgan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari, ikki oy davomida simli telefon aloqasi (xalqaro telefon soʻzlashuvlardan va mobil aloqasidan tashqari) hamda Internet jahon axborot tarmogʻiga simli va simsiz ulanish xizmatlari uchun toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan hollarda abonentlar tarmoqdan oʻchirilmasligi taʼminlandi.

Sinov tariqasida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilariga masofaviy taʼlim berish maqsadida “onlayn-maktab” loyihasi ishga tushirildi. 3 ta televizion kanal orqali “online-maktab” rukni bilan tashkil etilayotgan televizion videodars mashgʻulotlarini respublika boʻyicha yer usti raqamli televideniye, kabel televideniye, IP-televideniye, internet tarmoqlari orqali hamda yer sunʼiy yoʻldoshi orqali uzoq va borish qiyin aholi punktlarida oʻrnatilgan kam quvvatli teleuzatkichlar orqali ochiq holda (bepul) tarqatish taʼminlandi.

“Taʼlim” tarif rejasi joriy qilindi va uning bir oylik abonent toʻlovi 29 900 soʻm qilib belgilandi. Bunda 1000 daqiqa limit, 4 ming megabayt limit va 200 SMS taqdim etildi.

“Uzdigital TV” MCHJ tomonidan dori-darmon va tibbiyot buyumlarini yetkazib berish bilan shugʻullanuvchi subyektlarning reklama roliklari bepul tarqatilmoqda.

Respublikada karantin obyektlari 129 ta simli va 56 ta mobil telefon aloqasi bilan taʼminlanib, uzluksiz ishlashi nazoratga olindi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishining oldini olish maqsadida tashkil etilgan idoralararo ishchi guruhlar shtablari telekommunikatsiya xizmatlari bilan taʼminlandi, bemorlar bilan masofadan tezkor soʻrov ishlarini amalga oshirish uchun 170 ta planshet qurilmalari sim-kartalari ajratildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida tashkil etilgan karantin zonasi hududida barqaror aloqani tashkil etish uchun 2 ta qoʻshimcha baza stansiyalar (Bilayn va UzMobayl) oʻrnatildi, 840 dona statsionar va 1100 ta mobil telefon apparatlari tegishli imtiyozli daqiqalari bilan berildi.

Taʼkidlash kerakki, hozirgi vaqtda respublikada uzluksiz aloqani taʼminlash va fuqarolarimizga imkoniyatlar yaratish maqsadida telekommunikatsiya operatorlari ham faol ishtirok etmoqda.

Oʻzbekistonda koronavirus boʻyicha karantin rejimi eʼlon qilingan vaqtdan boshlab barcha telekommunikatsiya operatorlari umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari uydan bemalol fanlarni oʻzlashtirish uchun taʼlim manbalarining veb-saytlarga bepul kirishi taʼminlab berildi.

Oʻzbekistonda koronavirus masalasida ishonchli maʼlumotga ega boʻlish uchun 16-martdan Toshkentda fuqarolarimizdan koronavirus infeksiyasi yuzasidan tugʻilgan savollariga oʻz vaqtida javob olish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi call-markazining qisqa “1003” yagona raqami 24 soat davomida ishlab turishi taʼminlandi. Fuqarolar tomonidan amalga oshiriladigan qoʻngʻiroqlar barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda bepul amalga oshirilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda «Oʻzbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining Call-markazi negizida “1003” qisqa raqami orqali barcha murojaatlarni qabul qilish yoʻlga qoʻyildi. Joriy yil 1-avgust holatiga 1 225,7 ming qoʻngʻiroq boʻlgan, shundan 816 437 mingdan ortigʻiga bepul xizmat koʻrsatilgan.

Shuningdek, joriy yil 9-iyuldan «Oʻzbektelekom» AKning negizida uyda davolanayotgan bemorlarni telefon orqali davolanish boʻyicha maslahat berib borish maqsadida tashkil etilgan koll-markazga “1105” qisqa raqami biriktirildi. Jumladan, joriy yil 1-avgust holatiga 101,8 ming qoʻngʻiroqlar boʻlgan, shundan 76,9 mingdan ortigʻiga bepul xizmat koʻrsatilgan.

Koronavirus infeksiyasi boʻyicha aholiga toʻgʻri va aniq maʼlumotlar berish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi murojaati boʻyicha mobil aloqa abonentlariga SMS xabarlar bepul yuborib kelinmoqda.

Shifokorlarga axborot-kommunikatsiya sohasi yordami sifatida 2,33 mlrd. soʻm miqdordagi 5 821 dona mobil aloqa terminallari bepul yoki ijara asosida foydalanish uchun berildi.

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar hamda ular bilan aloqada boʻlgan shaxslarning hisobini yuritish boʻyicha idoralararo axborot tizimi ishlab chiqilib, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitar-epidemiologik nazorat xizmatining masʼul operator va xodimlariga axborot tizimiga chegaralangan kanallar orqali kirish imkoniyati yaratildi. Karantin markazlarida saqlanayotgan shaxslarning markazlashgan hisobi va karantin rejimi holati ustidan monitoringni olib borish maqsadida www.karantininfo.uz axborot tizimi ishlab chiqildi.

Tibbiy mutaxassislarning fuqarolarga onlayn maslahatlar berishlarini tashkil qilish uchun Telegram-bot (t.me/coronavirusYordamBot), oʻz-oʻzini tashxislash va test qilish uchun Telegram-bot (t.me/checkCoronavirusBot) ishlab chiqilganligini alohida taʼkidlash lozim.

Yana bir muhim jihat, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi qoshida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tashkil qilinib, markazda tadbirkorlar koʻngillilar hamda volontyorlarni, shuningdek, yoshi ulugʻ nochor ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning murojaatlarini qabul qilishni tashkil etishda ushbu markazlarga tezlikda va qulay bogʻlanishlari uchun Axborot texnologiyalari vazirligi tomonidan “1197” qisqa raqami tashkil etildi. 

Xulosa oʻrnida taʼlim va tibbiyot sohasiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini oʻz vaqtida va keng joriy etilganligi koronavirus infeksiyasi keng tarqalishiga qarshi kurashishda, shuningdek fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish hamda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatilishi, shu bilan birga uzluksiz taʼlimni amalga oshirishni taʼminlashga xizmat qildi.

Inomjon QUDRATOV,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?