Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olishga oid matbuot anjumani boshlandi

14:25 10 Mart 2020 Jamiyat
1255 0

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bagʻishlangan matbuot anjumani boshlandi. Bu haqda muxbirimiz xabar berdi.

Unda Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbariyati, tegishli vazirlik va idoralar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishmoqda.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov dunyoda koronavirusning epidemik holati va COVID-19ning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Xususan, mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 29-yanvar kuni “Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoyishi qabul qilinib, tizimli choralar amalga oshirilmoqda.
 

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir rahbarligida “Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasi”ning yigʻilishlarida ham bu borada kechiktirib boʻlmaydigan dolzarb vazifalar belgilab berildi. Mamlakatimizdagi barcha havo va temir yoʻllarida tashkil qilingan sanitariya-karantin punktlari, hududlarda tuzilgan shtablar faoliyatini bugungi kun talabidan kelib chiqib, qayta koʻrib chiqish, mehmonxonalar va korxonalar, mahalla, ichki ishlar organlari bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va ularga davlat tomonidan qoʻyilayotgan talab, tavsiyalarni oʻz vaqtida yetkazish, tibbiy-patronaj xizmatini yana-da yaxshilash, maktabgacha taʼlim, oʻrta maktab, oliy oʻquv yurtlari va jamoat joylarida sanitariya talablariga qatʼiy rioya qilish yuzasidan masʼullarga aniq topshiriq va koʻrsatmalar berildi.

Oʻz navbatida, profilaktika va nazorat choralarini kuchaytirish maqsadida maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, oliy va oʻrta-maxsus taʼlimi kabi kabi qator vazirlik va idoralari bilan qoʻshma qarorlar qabul qilindi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, ayni paytda mamlakatimizga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID-19 infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida sanitariya-karantin punktlari xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat koʻrsatmoqda. Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari ish olib bormoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat koʻrsatuvchi shtab tashkil qilingan.

Anjumanda, shuningdek, Sogʻliqni saqlash va epidemiologiya sohasida xalqaro ekspert, Amerika Mikrobiologiya jamiyati aʼzosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Favorov dunyodagi epidemik vaziyat boʻyicha dolzarb savollarga javob beradi. U 40 yildan ziyod umrini dunyoning turli mintaqalarida – Markaziy Osiyoda kam uchraydigan gepatit turlaridan tortib, Keniya va Malida turli yuqumli kasalliklarni oʻrganish va oldini olishga bagʻishlagan.
 

Ayni paytda Mixail Favorov koronavirus infeksiyasi boʻyicha dunyo va Oʻzbekistondagi holatni oʻrganmoqda. Shu kunlarda u mustaqil xalqaro ekspert sifatida Sogʻliqni saqlash vazirligi qoshidagi bosh shtab mutaxassislari bilan birgalikda mamlakatimizga koronavirusning kirib kelish va tarqalishining oldini olish maqsadida ushbu sohada ixtisoslashgan tibbiyot muassasalaridagi tibbiyot xodimlariga maslahatlar bermoqda.

Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, xalqaro talab va tavsiyalarga muvofiq, koronavirus infeksiyasi boʻyicha aholining epidemiologik farovonligini taʼminlash boʻyicha profilaktika va ushbu infeksiyani kirib kelishiga qarshi nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?