Oʻzbekistonda koronavirus chalingan bemorlarni tashxislash va davolash uchun algoritm ishlab chiqilishi mumkin

12:00 18 Iyul 2020 Jamiyat
793 0

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi “Tibbiyot fanlari” boʻyicha Ilmiy-texnik Kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda tibbiy xizmat koʻrsatishni yaxshilash, sohani ilgʻor tajribalar asosida rivojlantirishga qaratilgan bir nechta istiqbolli loyihalar muhokama etildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Yigʻilishda Innovatsion rivojlanish vazirligining respublikamizda COVID-19 koronavirusga qarshi samarali kurashish, kasallikning respublikamiz hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida “Tibbiyot fanlari” yoʻnalishida loyihalar tanlovining 21-turiga taqdim qilingan loyihalar muhokama markazida boʻldi.

Kengash aʼzolari vazirlik tomonidan tanlovlarda eʼlon qilingan mavzular, ularning shartlari, moliyalashtirish mablagʻlari miqdori, topshirilgan loyihalar va «Koronavirusli infeksiyalar patogenezini chuqur tahlili asosida ularga qarshi kurash va davolash texnologiyasini yaratish» mavzusiga topshirilgan loyihalar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Masalan, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan “Dermatologik jihatlarni hisobga olgan holda COVID-19 virusli infeksiyasini yangi profilaktika texnologiyasini ishlab chiqish” loyihasini mutaxassislar kasallikka qarshi kurashish uchun samarali deya baholadi.

Shu asosda, Koronavirus infeksiyasining dermatologik, klinik-mikrobiologik va immunologik jihatlarini oʻrganish va shular asosida terining virusli mikst-bakterial infeksiyalarida yangi profilaktika texnologiyasini ishlab chiqish orqali tashqi muolaja sifatida tibbiy mahsulotini yaratishni loyiha dasturiga kiritish tavsiya etildi. Koronavirus bilan assotsiatsiyalashgan teri virusli kasalliklarini davolash uchun yurtimizda ishlab chiqarilgan antivirusli va immunokorreksiya xususiyatiga ega boʻlgan – koglumet dori vositasini qoʻllash orqali davolash texnologiyasini yaratilishi imkoniyatlari muhokama qilindi.

Yana bir loyiha «Koronavirusli infeksiyalar patogenezini chuqur tahlili asosida ularga qarshi kurash va davolash texnologiyasini yaratish» mavzusi ham yigʻilish qatnashchilarining diqqat markazida boʻldi. Loyihaning ilmiy yangiligi shundaki, ilk marotaba yangi SARS-CoV-2 koronavirusi keltirib chiqargan yuqumli kasallikning klinik-epidemiologik xususiyatlari toʻgʻrisida maʼlumot olinadi. Oʻzbekistonda izolyatsiya qilingan virusning genetik tuzilishi oʻrganiladi va populyatsion immunitetning shakllanish dinamikasi oʻrganiladi. Koronavirus infeksiyasini nazorat qilish va davolash uchun yangi texnologiyalar yaratiladi. Bugungi kunda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining tarqalganligini oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar va dorilarning samaradorligi qiyosiy baholanmagan. Koronavirus infeksiyasini boshdan kechirgan bemorlarning monitoringi mavjud emas. Dori vositalarining koronavirus infeksiyasini davolashda qoʻllash samaradorligi qiyosiy baholanadi. Koronavirus infeksiyasi mavjud bemorlarni tashxislash va davolash uchun algoritm ishlab chiqiladi. Ushbu loyiha virusga qarshi terapiya strategiyasini va ushbu ishning amaliy ahamiyatini belgilaydigan terapiya yetishmovchiligining sabablarini aniqlash va samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar tizimini ishlab chiqish orqali davolashni optimallashtirishga imkon beradi. Ushbu loyihaning farqi shundaki, nafaqat yangi SARS-CoV-2 koronavirus antitanachalarini oʻrganish, balki MERS-CoV antitanachalarni ham oʻrganishdan iboratdir. Shuningdek, SARS-CoV-2 genomini sekvenirlash va aniqlangan turlarning kasallik klinik kechish jarayoni bilan bogʻliqligi oʻrganiladi.

Yigʻilish davomida xavfli yuqumli kasallikni jilovlash va bartaraf etish bilan bogʻliq yana koʻplab loyihalar muhokama etildi.

Bundan tashqari, «Operatsiyadan keyingi qorin ichi asoratlarini erta tashxislash va davolashda videolaporoskopiyaning yangi usulini ishlab chiqish» mavzusi yuzasidan bir yillik moliyalashtirish hajmi – 600 mln. soʻmga teng mazkur innovatsion loyiha boʻyicha kamchiliklar va eʼtirozlarning toʻgʻirlanganligi toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Ushbu loyihaning xarajatlar smetasi atroflicha koʻrib chiqildi, loyiha ijobiy baholandi va moliyalashtirishga tavsiya etildi.

Shuningdek, «Qarindosh donordan olingan buyrak transplantatida rad etilish jarayonini erta aniqlash va uning oldini olish boʻyicha dasturiy mahsulotni ishlab chiqish» mavzusiga topshirilgan loyihaning rahbari ilmiy guruh tarkibiga dasturchi kiritganligini qayd etib, yaratiladigan dasturiy mahsulotning mazmunini ochib berdi

Majlisda bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda, Ilmiy-texnik kengash aholining salomatligini asrash, tibbiy xizmat koʻrsatish sifatiga ijobiy taʼsir eta oladigan innovatsion loyihalar moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlanishini maʼlum qildi. Kamchilik va ayrim xatolardan holi boʻlmagan boshqa loyihalar yuzasidan mutaxassislar aniq tavsiya va maslahatlar berishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?