Oʻzbekistonda Koreya tajribasi asosida zamonaviy farmatsevtika klasteri tashkil etiladi

16:11 18 May 2019 Jamiyat
196 0

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi delegatsiya farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Koreya Respublikasida boʻldi.

Tashrif doirasida delegatsiya “Eulji” universiteti rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Koreya tomoni mamlakatimizda “Eulji” universiteti filiali va klinikasini tashkil etishga qiziqish bildirdi. Ushbu loyihani muhokama qilish maqsadida yaqin vaqt ichida “Eulji University” rahbari Xong Song Xi Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini qayd etdi. Muzokaralar yakunida tomonlar oʻzaro anglashuv memorandumini imzolashdi.

Delegatsiya aʼzolari Osan shahrida 20 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Biofarmklasterda ham boʻlishdi. Bu yerda joylashgan farmatsevtika va bio-farmatsevtika kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, klinikalar, laboratoriyalar va venchur jamgʻarmalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Uchrashuv chogʻida mamlakatimizda farmatsevtika va tibbiyot rivoji borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlar haqida atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, Koreya tajribasi Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishda namuna boʻlayotgani taʼkidlanib, bu boradagi hamkorlik mamlakatimizda koreyalik hamkasblar bilan birgalikda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan zamonaviy farmatsevtika klasteri faoliyatida ham qoʻl kelishi qayd etildi.

Muloqot yakunida tomonlar Oʻzbekistonda farmatsevtika klasterini tashkil etish borasida “Yoʻl xaritasi”ni tayyorlash boʻyicha ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar. Ushbu kelishuv Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Koreya Respublikasi Biofarmklasteri rahbari Pak Gusun oʻrtasida imzolangan oʻzaro anglashuv memorandumi bilan mustahkamlandi.

Umuman olganda, Oʻzbekiston delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga zamin yaratdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?