O‘zbekistonda xususiy oliy o‘quv yurtlari paydo bo‘ladi

11:27 12 Iyul 2018 Jamiyat
689 1
Illyustrativ foto

O‘zbekistonda nodavlat oliy ta’lim muassasalari ochilishi kutilmoqda. Normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi portalida muhokamaga qo‘yilgan “Nodavlat oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror loyihasida shu haqda so‘z boradi.

Hujjat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan.

Loyihada qayd qilinishicha, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilarining ilmiy pedagogik salohiyati kamida respublika bo‘yicha oliy ta’lim muassasalaridagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lmasligi lozim. Shuningdek, xususiy oliygohlarga ayni paytda faoliyat ko‘rsatayotgan OTM shart-sharoitlaridan kam imkoniyatlarga ega bo‘lmasligi belgilanmoqda.

Xususiy oliy ta’lim muassasalarida ta’limning majburiy ravishda dunyoviy xarakterda bo‘lishi shart qilib qo‘yilmoqda. Unda urushni, zo‘ravonlikni targ‘ib qilishdan foydalanishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinligi kamsitilishiga, mamlakatdagi xavfsizlik va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka, jamiyatning huquqiy va ma’naviy asoslari, fuqarolik osoyishtaligiga, millatlararo va dinlararo totuvlikka raxna solinishiga, O‘zbekiston Respublikasi to‘g‘risida noto‘g‘ri axborotlar tarqatilishiga hamda uning tarixiy, madaniy va ma’naviy qadriyatlari buzib ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymasligi ta’kidlangan.


Izohlar


Nodir Temirov

Нодавлат ОТМ очилиши тарафдориман. Шунда монополия булмайди. Бир хилликдан қочилади. Лекин таълим сифатини ва давоматни доимий текшириб туриш шарт.

15:1812.07.2018