Oʻzbekistonda xususiy ijrochilar institutini joriy etish chuqur tahlilni talab qiladi

10:49 21 Fevral 2020 Jamiyat
475 0

2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida nodavlat ijrochilar institutini joriy etish va buning uchun xususiy ijro byurosini tashkil etish taklif qilinmoqda. Taklifga koʻra, boʻlajak xususiy ijrochilar yuridik shaxslar qarzdor boʻlgan sud qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini majburiy ijro etadilar.

Ushbu taklifni 2020-yilgi Davlat dasturiga kiritish, eng kamida hozirgi rivojlanish bosqichda ushbu taklif naqadar maqsadga muvofiqligi, boshqacha qilib aytganda, davlat va jamiyatimiz uchun qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi nuqtayi nazaridan tubdan qayta koʻrib chiqilishi lozim.

Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston tarixida birinchi bor hokimiyat vakolatlarini xususiy shaxslarga “autsorsing”ga berish taklif etilmoqda. Binobarin, nodavlat tashkilotlarga qandaydir davlat xizmatlarini koʻrsatish (masalan avtotransportga davlat raqami berish, pasport berish yoki shu kabilar) kabi vazifani emas, balki majburlov choralarini qoʻllash bilan bogʻliq vakolatlarni berish rejalashtirilmoqda. Bu esa mol-mulkka band solish, olib qoʻyish, majburiy sotish, pul mablagʻlarini bank hisobidan roziliksiz yechib olish, turli taqiqlar qoʻyish bilan bogʻliq choralarni nazarda tutadi. Bundan tashqari, bunday faoliyat shaxsiy va bank sirini tashkil qiladigan maʼlumotlardan foydalanishni ham taqozo qiladi.

Shu nuqtayi nazardan, bunday taklif Oʻzbekistonda davlat hokimiyatini tashkil etishning konstitutsiyaviy tamoyillariga naqadar mosligi yuzasidan shubha uygʻotadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini koʻzlab va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.

Koʻrinib turibdiki, Konstitutsiyamiz davlat hokimiyati vakolatlarini nodavlat tuzilmalarga, eng asosiysi, ushbu vakolatni haq evaziga amalga oshiruvchi xususiy shaxslarga berishni nazarda tutmaydi.

Balki ushbu taklif mualliflari xususiy ijrochilarining oʻz ishi uchun haq olish (pul olish) manfaati xalq manfaati bilan mos kelib, sud qarorlarini tezroq ijro qilinishiga turtki boʻladi deb taxmin qilgan boʻlishlari mumkin. Bundan tashqari, xususiy ijrochilar joriy etilsa, davlat ijrochilarini taʼminlash uchun sarflanadigan byudjet mablagʻlari ham iqtisod boʻladi.

Biroq, bunday yangilikning nafaqat konstitutsiyaviy tamoyillarga mos kelish yoki kelmasligi, balki aholi va umuman jamiyat tomonidan qanday qabul qilinishini, aniqrogʻi qabul qilinmasligini ham hisobga olish lozim. Oʻzbekiston xuddi boshqa davlatlar kabi davlat hokimiyati va boshqaruvi boʻyicha muayyan tarixiy tajriba va minglab yillik qadriyatlarga ega, bu esa mamlakatimiz hududida yashovchi xalqlarning mentalitetini shakllanishiga shubhasiz taʼsir qilgan. Binobarin, mamlakatimizda tarixan hokimiyatni va majburlov choralarini qoʻllashga boʻlgan mutlaq huquq faqat davlat hokimiyati vakillariga tegishli boʻlgan (Rossiyadagi krepostnoylik huquqi yoki oʻrta asrlarda Yevropada tarqalgan vassalning syuzerenga mutlaq tobelik munosabatlari yaxshiyamki Markaziy Osiyo jamiyatlarini chetlab oʻtgan).

Natijada, bu kabi taklifning xalq tomonidan mental darajada qabul qilinmasligi ommaviy ravishda sud qarorlarini bajarilmaslik holatlarini koʻpayishiga, pirovardida esa – sud hokimiyatining samaradorligi va obroʻsini tushib ketishiga olib kelishi tayin. Tajribadan kelib chiqib, agar sud qarorini ijro etish biznesga aylansa, ushbu sohaning kriminallashuvi tahdidi yuqori ekanligini ham rad etolmaymiz

Taklif mualliflarini qoʻshni davlatlarimizdagi salbiy oqibatlar ham oʻylantirishi lozim edi. Masalan, Rossiya Federatsiyasi kollektorlik institutini joriy etgandan soʻng ushbu sohani kriminallashuvi bilan bogʻliq jiddiy muammolarga duch keldi. Oxirgi paytda bu soha Rossiyada qattiq nazoratga olingan boʻlsa-da, kollektorlarning noqonunniy harakatlari bilan bogʻliq janjallar tez-tez uchrab turmoqda. Vaholanki, Rossiya Federatsiyasida sud qarorlarini ijro etish faqat davlat idoralari (qurollangan Sud pristavlari Federal xizmati) tomonidan amalga oshiriladi, kollektorlik firmalari esa majburlov (ijrochilik) vakolatiga ega boʻlmagan muqobil tashkilotlar hisoblanadi.

Xuddi shu kabi aholining salbiy eʼtirozlarini Qozogʻistonda ham kuzatishimiz mumkin. Bu davlatda bir necha yil avval aralash tizim joriy etilib, ayrim toifadagi sud qarorlarini ijro etish huquqini xususiy ijrochilarga berildi. Bu kabi oxirigacha oʻylanmagan tajribani joriy etish Boltiqboʻyi davlatlari aholisi va hokimiyat organlarida ham jiddiy norozichiliklarga sabab boʻlgan.

Xorijiy tajriba xususida gapiradigan boʻlsak, xususiy ijro tizimi dunyoda kam sonli davlatlarda mavjud. Bular, avvalambor, Fransiya (xususiy tizim asoschisi), Benilyuks davlatlari (Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg), ayrim Sharqiy Yevropa davlatlari va sobiq fransuz koloniyalari hisoblangan ayrim Afrika davlatlari hisoblanadi.

Amerika qitʼasida (AQSH, Kanada, Meksika, Lotin Amerikasi davlatlari, Xitoy va boshqa OSiyo davlatlari, MDH davlatlari (2010-yillarning ikkinchi yarmida aralash tizim joriy etgan Qozogʻiston va Ukrainadan tashqari), Germaniya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Norvegiya, Daniya va boshqa rivojlangan Gʻarbiy Yevropa davlatlarida sud qarorlarini majburiy ijro etish davlatning mutlaq funksiyasi hisoblanadi. Mazkur davlatlar sud qarorlarini ijro etish tizimi ish hajmini kamaytirish uchun boshqacharoq siyosatni amalga oshirib, koʻproq nizolarni hal etishning muqobil usullarini joriy etishga (mediatsiya, nodavlat arbitraj instituti) hamda sud qarorini bajarmaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga eʼtibor qaratishgan. Fikrimizcha, bunday yoʻl Oʻzbekiston sharoitiga ham koʻproq toʻgʻri keladi.

Eng asosiysi, jahondagi barcha ekspertlar sud qarorlarini ijro etishning davlat tizimi xususiy tizimga nisbatan ancha samaraliroq ekanligi xususida bir xil xulosaga kelishgan.

Shu sababli, Oʻzbekistonda xususiy ijro tizimini joriy etishga birmuncha erta boʻlib, buning uchun bir necha oʻn yilliklar talab etiladi. Chunki davlat hokimiyatini amalga oshirishdagi bunday yangiliklarni joriy etish uchun davlat institutlari, jamiyatdagi huquqiy madaniyat va huquqiy ong muayyan darajada shakllangan boʻlishi lozim.

Akmal BURXANOV,

“Yuksalish“ umummilliy harakati raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?