Oʻzbekistonda “Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi 16 kun” tadbiri tashkil etildi

18:09 02 Dekabr 2019 Jamiyat
97 0

Bugun USAIDning Oʻzbekistonda sud-huquq sohasini isloh qilish dasturi tomonidan xalqaro maydonda nishonlab kelinayotgan “Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi 16 kun” tadbiri mamlakatimizda ham tashkil etildi. Bu haqda AQSHning yurtimizdagi elchixonasi xabar berdi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha qoʻmitasi raisi Sayyora Baratova, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari Svetlana Ortiqova, Taraqqiyot strategiyasi markazi direktori Eldor Tulyakov va AQSHning Oʻzbekistondagi muvaqqat doimiy vakili Alan Melser AQSH va Oʻzbekiston hukumatlarining Oʻzbekistonda gender tenglikni ilgari surishdagi rolini eʼtirof etishdi.

“Dunyodagi har uch nafar xotin-qizning biri hayoti davomida jismoniy va/yoki jinsiy zoʻravonlikka uchragan. Bunday jinoyatni tag-tomiri bilan yoʻq qilish maqsadida USAID butun dunyodagi mamlakatlarga xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka, jumladan, oiladagi zoʻravonlik, jinsiy zoʻrlash va odam savdosiga qarshi qaratilgan qonunchilikni ishlab chiqishda yordam beradi. Bunday saʼy-harakatlar nafaqat zoʻravonlikdan jabr koʻrganlarning salomatligini yaxshilashni, balki ularga bu borada oʻzgarish yasash uchun tarafdor-himoyachi boʻlishga imkon yaratishni ham maqsad qiladi”,- dedi Alan Melser.

AQSH tenglik va xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka chek qoʻyish ishiga sodiq boʻlib, Oʻzbekiston bilan bu maqsadni amalga oshirishda hamkorlik qilishdan faxrlanadi.

USAIDning Oʻzbekistonda sud-huquq sohasini isloh qilish dasturi uch yarim yilga moʻljallangan 12 million dollarlik loyiha boʻlib, u Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini taʼminlash, yuridik kasbni rivojlantirish hamda fuqarolik jamiyati va nodavlat tashkilotlari uchun huquqiy sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?