Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Javlon Toshxoʻjayev vafot etdi

11:33 10 Iyun 2019 Jamiyat
286 0

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, ustoz sanʼatkor, rejissyor Javlon Toshxoʻjayev 76 yoshida vafot etdi.

Javlon Hamidovich Toshxoʻjayev 1943-yilning 11-dekabrida Toshkent shahrida tugʻilgan. 1953-yili — 10 yoshligidan Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining bolalar tahririyatida havaskor diktor, 1960 — 1974-yillarda oliy toifadagi teleradiorejissyor lavozimlarida ishlagan. Radio fonotekasi “Oltin fond”ida 200 dan ziyod asarlari mavjud. “Tabassum” radiojurnali, “Dugonajonlar”, “Yoshlik radiostansiyasi”, “Alanga” radiojurnallari asoschisi.

Javlon Toshxoʻjayev 1974-yilda Madaniyat vazirligining buyruqgʻiga koʻra, Fargʻona va Andijon viloyatlariga yuborilgan. 4 yil Qoʻqon shahar teatrida rejissyor, 32 yil mobaynida Andijon viloyati madaniyat boshqarmasida masʼul lavozimlarda, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon viloyati musiqali drama teatrida teatr direktori va bosh rejissyori lavozimlarida ishlagan.

Javlon Toshxoʻjayev mehnat faoliyati davrida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

Janoza nomozi bugun, 10-iyun kuni peshinda “Minor” qabristoni oldidagi oq masjidda oʻqiladi.

“Xalq soʻzi“ va "Народное слово" gazetalari tahririyati marhumning yaqinlariga taʼziya bildiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?