Oʻzbekistonda xavfsizlik nuqtai nazaridan bir qator mahalliy va xalqaro darajadagi tadbirlar bekor qilinmoqda

17:39 13 Mart 2020 Madaniyat
264 0

Arxiv foto

Vazirlar Mahkamasida Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish, jamoat tartibini saqlash hamda aholi xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2020-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida” 2020-yil 3-martdagi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, bayram “Navroʻzing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon Oʻzbekistonim!” degan bosh gʻoya oʻzida mujassam etgan holda yuqori saviyada, xalq sayli koʻrinishida tashkil etiladi.

Joylarda koʻchma savdo doʻkonlari, hunarmandchilik koʻrgazmalari, kitob rastalari, bahoriy taom sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil etiladi, milliy chorpoyalar, soʻrilar va xontaxtalar joylashtiriladi.

Bogʻlarda, ochiq maydonlarda dorbozlar, polvonlar, masxarabozlar, qoʻgʻirchoqbozlarning tomoshalari, qushlar koʻrgazmasi, varrak uchirish, arqon tortish, argʻimchoq uchish kabi xalq oʻyinlari musobaqalari tashkil etiladi.

Sayl davomida mamlakatimizda istiqomat qiladigan turli millat vakillarining badiiy chiqishlari, folklor-etnografik guruhlarning konsertlari ham oʻtkaziladi.

Navroʻz umumxalq bayrami oldidan xayriya hashari oʻtkazilishi anʼanaga aylangan. Yigʻilishda joriy yilning 14-15-mart kunlari “Obod yurt” umumxalq obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish xayriya hasharini uyushqoqlik bilan tashkil etish va yuqori saviyada oʻtkazish masalalari ham muhokama qilindi.

Asosiy bayram tadbirlari va xalq sayllari oʻtkaziladigan joylarda yangi turdagi COVID-19 koronavirusining kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida tegishli profilaktik choralar koʻriladi, tibbiy nazorat kuchaytiriladi. Shu bilan birga, mazkur yuqumli infeksiya inobatga olinib, xavfsizlik nuqtayi nazaridan bir qator mahalliy va xalqaro darajadagi, chet ellik mehmonlar ishtirokidagi tadbirlar bekor qilinmoqda.

Xususan, bayram arafasida Toshkent shahrida oʻtadigan Navroʻz marafoni, Xiva shahrida 31-mart 1-aprel kunlari tashkil etiladigan “2020-yilda Xiva shahri turkiy dunyo madaniyati poytaxti” yilining rasmiy ochilish marosimi hamda “Buxoro shahri – Islom olami madaniyati poytaxti”, deb eʼlon qilinishi munosabati bilan 14-16-aprel kunlari oʻtkaziladigan tadbirlar bekor qilindi.

Majlisda Navroʻz umumxalq bayrami bilan bogʻliq tadbirlarni tashkil etish va yuqori saviyada, tinch-osoyishta oʻtishini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan Madaniyat, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, Mudofaa vazirliklarining hisoboti tinglandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?