Oʻzbekistonda kelgusi yildan boshlab xalqaro telekanal oʻz faoliyatini boshlaydi

14:52 20 Avgust 2019 Jamiyat
105 0

Hukumat xorijlik turistlar uchun dasturlar tayyorlaydigan xalqaro telekanal yaratish topshirigʻini berdi. U bir necha xorij tillarida efirga chiqadi.

Yangi OAV UzReport TV bazasida tashkil etiladi. Boʻlajak kanal UzReport World deb nomlanadi. Unda mamlakatimiz haqida koʻrsatuvlar va hujjatli filmlar berib boriladi. Yangi telekanal sharofati bilan chet ellik tomoshabinlar Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, diqqatga sazovor joylari, milliy taomlari va urf-odatlari, shuningdek, mashhur shaxslari haqida koʻproq maʼlumotlarga ega boʻladi. Ushbu kanalni 2020-yil fevral oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Oʻz navbatida hukumat Oʻzbekiston turizm salohiyatini xorijda reklama qilishga ham katta eʼtibor bermoqchi. Binobarin, Nyu-York, London va Tokiodagi LED-ekranlarga yurtimiz haqidagi reklama roliklarini joylashtirish rejalashtirilgan.

Eslatib oʻtamiz, oxirgi besh yilda Oʻzbekistonda “Mahalla“, “Dunyo boʻylab“, “Madaniyat va maʼrifat“, “Oilaviy“, “Kinoteatr“, “Bolajon“, Uzreport TV kabi oʻnlab telekanallar ochildi. 2011-yil noyabr oyida MDH mamlakatlari ichida birinchi boʻlib HD – UzHD formatida yerusti uzatish telekanali foydalanishga topshirildi.

2018-yil dekabr oyi boshida yurtimizda yerusti analog teleuzatish toʻxtatildi.

“Raqamli” formatga bemalol oʻtib olish uchun 20 ta bepul kanaldan iborat paketni oʻz ichiga olgan umumiy foydalanishdagi multipleks shakllantirildi.

Bundan tashqari, shu yil 1-sentyabrdan boshlab “Oʻzbekiston tarixi” yangi kanali ish boshlaydi. U ham HD formatida ishlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?