Oʻzbekistonda yilning eng yaxshi hamshiralari aniqlandi

15:33 15 May 2019 Jamiyat
610 0

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida “Hamshira – 2019” respublika koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichi boʻlib oʻtdi. Anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan mazkur tanlov Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, Respublika Hamshiralar assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi. Unda tanlovning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida gʻolib boʻlgan 14 nafar hamshira oʻzaro bellashdi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Anʼanaviy tarzda oʻtayotgan “Hamshira” respublika koʻrik tanlovining ham oʻrta tibbiyot xodimlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarning intilishlarini roʻyobga chiqarishda alohida oʻrni bor. Tanlovning bu yilgi barcha bosqichlari ham uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

Oʻtgan yillardan farqli ravishda bu yil tanlovni oʻtkazish tartibi, baholash mezonlari yanada takomillashdi. Tanlovda asosiy eʼtibor hamshiralarning bilimi, intellektual va kasbiy salohiyatiga qaratiladigan boʻldi. Shuningdek, ishtirokchilarning tibbiyot bilan birga mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlar, sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarga daxldorlik tuygʻusi, faol fuqarolik pozitsiyasi baholashning muhim mezonlaridan etib belgilandi.

Tanlov natijalariga koʻra, Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam boʻlimi xirurgiya posti navbatchi hamshirasi Dilafroʻz Pattayeva birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Fargʻona viloyati perenatal markazi qabulxona boʻlimi katta doyasi Zuhraxon Haydarova ikkinchi, Jizzax viloyati Paxtakor tuman tibbiyot birlashmasi homiladorlar patologiyasi boʻlimi muolaja hamshirasi Sarvinoz Qoʻshboqova uchinchi oʻringa sazovor boʻldi. Gʻoliblarga tanlov tashkilotchilari tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʻalar taqdim etildi.

Eslatib oʻtamiz, anʼanaga muvofiq “Hamshira – 2019” tanlovining gʻoliblari tibbiyot oliy oʻquv yurtlariga imtiyozli asosda oʻqishga qabul qilinishi belgilangan.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda Toshkent tibbiyot akademiyasi va tibbiyot institutlarining “Oliy hamshiralik ishi” boʻlimlarida turli yoʻnalishlar boʻyicha besh ming nafarga yaqin oliy maʼlumotli bakalavr hamshiralar tayyorlandi, yuzga yaqin hamshiralar magistr darajasiga ega. Yana bir eʼtiborli jihati, 18 nafar oliy maʼlumotli hamshira tibbiyot sohasida falsafa doktori (PhD) ilmiy unvoniga ega boʻlgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?