Oʻzbekistonda yil boshidan buyon yalpi ichki mahsulot 5,3 foizga oʻsdi

11:32 23 Aprel 2019 Jamiyat
185 0

2019 yilning yanvar – martida Oʻzbekiston Respublikasi YAIM hajmi joriy narxlarda 91 097,7 mlrd. soʻmni tashkil etdi va 2018 yilning yanvar – marti bilan taqqoslaganda 5,3%ga oʻsdi. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi birinchi chorak boʻyicha taqdim etgan hisobotida maʼlum qilingan.

Unga koʻra, YAIM deflyatori indeksi 2018 yilning yanvar – martidagi narxlarga nisbatan 120,4 foizni tashkil etdi. Aholi jon boshiga hisoblangan YAIM 2 734,4 ming soʻmni tashkil etdi va bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,4%ga yuqori.

Iqtisodiy oʻsish surʼati iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy dinamika bilan bogʻliqdir. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qoʻshilgan qiymat (YAQQ) hajmi YAIM umumiy hajmining 88,7%ini tashkil etdi va 5,2%ga oʻsdi (YAIM mutlaq oʻsishiga taʼsiri 4,5 foiz punktni tashkil etdi). Mahsulotlarga sof soliqlarning YAIM tarkibidagi ulushi 11,3%ni tashkil etdi va 5,8% darajasida oʻsish qayd etildi (YAIM mutlaq oʻsishiga taʼsiri 0,8 f.p.).

YAIM oʻsish surʼatiga xizmatlar sohasi eng katta taʼsir koʻrsatdi (2,0 f.p.) va bu soha oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,0%ga oʻsdi. Shundan, savdo xizmatlari (avtotransport vositalarini taʼmirlashni qoʻshgan holda) 4,2%ga, yashash va ovqatlanish boʻyicha xizmatlar 3,7%ga, tashish va saqlash 4,6%ga, axborot va aloqa 2,7%ga va boshqa xizmatlar 5,7%ga oʻsdi.

Sanoat tarmogʻining qoʻshilgan qiymatida 6,8%lik oʻsish qayd etildi. Sanoat ishlab chiqarishining YAIM mutlaq oʻsish surʼatiga ijobiy taʼsiri 1,8 f.p. darajasida baholandi. Sanoat tarmogʻidagi ijobiy dinamika togʻ-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash tarmogʻi qoʻshilgan qiymatining 4,8%ga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoat tarmogʻi qoʻshilgan qiymatining 7,6%ga va boshqa sanoat tarmoqlarining 5,5%ga oʻsishi hisobiga taʼminlandi.

2019 yilning yanvar – marti yakunlari boʻyicha, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoati qoʻshilgan qiymati tarkibida eng katta ulush metallurgiya va metallni qayta ishlash sanoatiga (mashina va uskunalardan tashqari) toʻgʻri keldi va 36,7%ni tashkil etdi. Toʻqimachilik mahsulotlari, kiyim, teri va unga tegishli mahsulotlar ishlab chiqarishning ulushi 14,6%, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish - 13,6%, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish - 8,7%, rezina, plastmassa buyumlar va boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish - 8,4%, avtotransport vositalari, treylerlar, yarim pritseplar hamda boshqa transport uskunalari ishlab chiqarish - 6,3%, elektr uskunalar ishlab chiqarish - 2,8% va ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoatining boshqa mahsulotlarini ishlab chiqarish - 8,9%ni tashkil qildi.

Qurilish ishlari hajmi oʻtgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 5,9%ga oʻsdi. YAIMning mutlaq oʻsishida qurilish tarmogʻining ijobiy hissasi 0,3 f.p. darajasida baholandi. 2019 yilning yanvar – marti yakunlariga koʻra, qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligida 2,5% darajasida ijobiy oʻsish qayd etildi. Mazkur tarmoqning YAIM mutlaq oʻsish surʼatiga taʼsiri 0,4 f.p.ni tashkil etdi.

2019 yilning yanvar – martida YAIM deflyatori indeksi 2018 yilning mos davridagi narxlarga nisbatan 120,4%ni tashkil etdi. YAIM deflyatori indeksining eng yuqori koʻrsatkichlari sanoat tarmogʻida (138,2%) va boshqa xizmatlarda (129,5%) qayd etildi.

Respublikaning oʻrtacha darajasidan past boʻlgan deflyator indekslari qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligida (114,8%), qurilishda (113,9%), savdo, yashash va ovqatlanish boʻyicha xizmatlarda (112,3%), tashish va saqlash, axborot va aloqada (111,2%) va mahsulotlarga sof soliqlarda (92,7%) qayd etildi.

Oʻtgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda YAIM tarmoqlari boʻyicha tarkibida qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligining ulushi 16,6%dan 14,9%ga, qurilishning ulushi 6,6%dan 6,1%ga kamaydi, sanoatning ulushi esa 30,3%dan 33,9%ga oʻsdi.

Xizmatlar sohasining YAIM tarkibidagi ulushi 45,1%ni tashkil etdi va oʻtgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 1,4 f.p.ga kamaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?