Oʻzbekistonda yil boshidan buyon aholining oʻrtacha daromadi 663 dollarni tashkil qildi

14:48 29 Oktyabr 2018 Jamiyat
412 0

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 2018 yilning yanvar-sentyabr holatiga Oʻzbekiston aholisining umumiy daromadlari 173,0 trln. soʻmni (taxminan 21 mlrd 625 mln dollar), bir kishiga oʻrtacha hisoblaganda 5,3 mln. (663 dollar) soʻmni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi “Xalq soʻzi“ga maʼlum qildi.

Qayd qilinishicha, isteʼmol narxlarining oʻzgarishi sababli oʻtgan yilning mos davriga nisbatan aholining umumiy daromadlarining real oʻsish surʼati 111,4 % ni, aholi jon boshiga umumiy daromadlarining real oʻsish surʼati 109,5 % ni tashkil etdi.

Aholi jon boshiga oʻrtacha umumiy daromadlari boʻyicha Toshkent shahrida (11 mln 728,5 ming soʻm) hamda Navoiy (7 mln 999,5 ming soʻm), Buxoro (6 mln 158,9 ming soʻm), Toshkent (5 mln 655,7 ming soʻm) va Xorazm (5 mln 320,2 ming soʻm) viloyatlarida oʻrtacha respublika darajasidan yuqori koʻrsatkichlari qayd etilganligi kuzatildi. Aholi jon boshiga daromadlarning eng quyi koʻrsatkichlari esa Namangan (3 mln 827,2 ming soʻm) viloyatida qayd etildi. Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real oʻsishi Xorazm viloyatiga (14,1%) toʻgʻri keladi. Shuningdek, Surxondaryo (13,6%), Buxoro va Samarqand (11,7%), Namangan (11,0%), Qashqadaryo (10,4%), Andijon (10,1%) viloyatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi (10,7%) aholi jon boshiga umumiy daromad koʻrsatkichlarining real oʻsishi respublika darajasidan yuqorini tashkil etgan.

Aholining umumiy daromadlari hajmining sezilarli darajada oʻsishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 65,0% ulushga ega boʻlgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band boʻlishdan olingan daromadlar) va 28,6 % ni tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlarning sezilarli oʻzgarishi hisobiga yuzaga kelgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?