Oʻzbekistonda Islom taraqqiyoti banki ishtirokida konferensiya boshlandi

10:46 18 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
437 0
Foto: Dinara Chirkova / “Xalq soʻzi”

Ayni paytda poytaxtimizdagi International Hotel Tashkent mehmonxonasida “Islom taraqqiyot banki guruhi kuni“ konferensiyasi oʻz ishini boshladi.

Islom taraqqiyot banki guruhi prezidenti Bandar Hajarning mamlakatimizga tashrifi doirasida tashkil etilgan mazkur anjumanda tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro moliya institutlari hamda xususiy sektor vakillari, shuningdek, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus rahbarlari ishtirok etmoqda.

Konferensiya avvalida Qurʼon tilovat qilindi.

Forum ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi Suxrob Xolmurodov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston ITB teng huquqli aʼzosi ekanligini, hamkorlik aloqalari yil sayin mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidladi. Mazkur nufuzli bank koʻmagida 25 ta loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgani bunga yaqqol misoldir.

Foto: Dinara Chirkova / “Xalq soʻzi”

“IBR Oʻzbekistonda hamma sohada hamkorlik qilib kelmoqda. Ayniqsa, taʼlim, sogʻliqni saqlash, kommunal soha, suv taʼminoti, qishloq xoʻjaligi, energetika, yoʻlsozlik kabi ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muhim loyihalarni moliyalashtirishga oʻz hissasini qoʻshmoqda. Endilikda investitsiyaviy aloqalarimiz yangi bosqichga koʻtariladi. Bugungi anjumanda 2018- 2021 yillarda Oʻzbekiston bilan Strategik hamkorlikning yangi bosqichi istiqbollarini muhokama qilamiz“, - dedi IBR guruhi prezidenti doktor Bandar Hajar.

Konferensiya doirasida texnik grantlar ajratish boʻyicha kelishuv hujjati imzolanishi kutilyapti.

Said RAHMONOV, “Xalq soʻzi“ muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?