Oʻzbekistonda is gazini aniqlovchi yangi qurilma yaratildi

13:47 20 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
573 0

Foto: “Xalq soʻzi Online”

“Xalq soʻzi Online”. Rahim Sherqulov. Oʻzbekistonda is gazini aniqlovchi yangi qurilma yaratildi. Bu haqda Milliy matbuot markazida oʻtkazilgan anjumanda maʼlum qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda kuz-qish mavsumida aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilgʻi mahsulotlaridan foydalanish xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlash hamda bu borada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish kabi masalalar muhokama qilindi. 

Anjumanda is gazidan zaharlanish bilan bogʻliq turli koʻngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida yaratilgan qurilmaning afzalliklar xususida ham batafsil maʼlumotlar berildi.

— Ushbu qurilmani Namangan viloyatida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi, — deydi “Aholini is gazidan zaharlanish va yongʻinning oldini olish” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori Husanboy Yunusov. — Qurilmaning afzallik jihatlar koʻp. Misol uchun, u xonadonning maxsus isitish tizimiga oʻrnatiladi. Agarda uyda biror sabab bilan metan, propan va boshqa is gazlari chiqadigan boʻlsa, qurilma ishga tushib, uni aniqlab beradi hamda signal chala boshlaydi.

Yana bir foydali tomoni shundaki, agarda xonadonda is gazi paydo boʻlgan paytda uyda hech kim boʻlmasa, qurilma gazni tarmoqdan avtomatik ravishda oʻchiradi. Qurilma elektr energiyaga ulangan holda ishlaydi. Shu orqali u elektr quvvatini oʻzida jamlaydi. Bu esa qurilma elektr energiyasi tizimdan uzilgan hollarda ham 24 soat ishlab turish imkonini beradi.

Mutaxassislarning aytishicha, ayni paytda qariyb mingga yaqin ana shunday qurilma ishlab chiqarilgan boʻlib, dastlab 20 tasi Toshkent shahar IIBB obyektlariga oʻrnatilgan. Kelgusida uni aholi xonadonlarida ham foydalanish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi. Qurilmaning oʻrtacha narxi 195 ming soʻm atrofida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?