Oʻzbekistonda internet: tezlik yuqoriga, narxlar pastga. Shu gap rostmi?

10:50 05 Avgust 2019 Jamiyat
377 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekistonda soʻnggi olti oy ichida internetdan foydalanish tezligini oshirish va aksincha, operatorlar va provayderlar, shuningdek aholi va tadbirkorlar uchun narxlarni pasaytirish borasida katta qadam tashlandi. Ushbu dalil hattoki xalqaro reytinglarda ham qayd etildi, deya maʼlum qildi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi.

Dunyo boʻyicha internet tezligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan “Speedtest Global Index” reytingiga koʻra, Oʻzbekiston doimiy internet tezligining barqaror oʻsishini koʻrsatib, 2019-yilning yanvar—iyun oylari davomida dunyoning 180 mamlakati orasida 14 pogʻona yuqoriga, yaʼni 130-oʻrindan 116-oʻringa koʻtarildi.

“Speedtest” — oʻz ulanish tezligini tekshirish uchun mazkur xizmatdan foydalanuvchilardan olingan maʼlumotlar asosida tezlikni hisoblaydi va reytingni tuzadi.

“Speedtest Global Index” reytingiga muvofiq, oʻtgan yil bilan taqqoslanganda, Oʻzbekistonda simli internet tezligi bir yil ichida (2018-yilning iyunidan — 2019-yil iyunigacha) 6,98 Mbit/s.dan (Download) 17.07 Mbit/s.gacha (Download) oshgan.

Yil davomida Oʻzbekistondagi barcha operator va provayderlar foydalanuvchilari oʻrtasida simli internet tezligi ikki baravar oshdi. Buning siri nimada?!

Birinchidan, albatta, xalqaro kanal oʻtkazish qobiliyatining kengaytirilishi

2018-yil tugashida “Xalqaro paketli kommutatsiya markazlari va maʼlumotlar uzatish tarmoqlarini kengaytirish” loyihasi yakunlandi. Bu nima berdi: XPKM majmualarining umumiy oʻtkazish qobiliyati 10 baravar oshdi — umumiy trafik 110 Gbit/s.dan 1200 Gbit/s.gacha.

Ikkinchidan, operator va provayderlar uchun narxlarning arzonlashishi

Bu chora oxirgi isteʼmolchigacha tezlikni oshirishga imkon berdi. Eslatib oʻtamiz, yil davomida Xalqaro paketli kommutatsiya markaziga ulangan operator va provayderlar uchun tarif deyarli 3,5 baravarga: 1 Mbit/s. uchun 244 958 soʻmdan (2018-yil iyun) — 1 Mbit/s. uchun 70 128 soʻmgacha arzonlashtirildi (2019-yil iyun).

Operator va provayderlar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, “Oʻzbektelekom” AK tomonidan shahar ichidagi portlarni ijaraga olish tariflari 35 mingdan 10,5 ming soʻmgacha pasaytirildi.

Yuqorida sanab oʻtilgan omillar barcha operatorlar va provayderlarning hamma foydalanuvchilari uchun narx va tariflarni sezilarli darajada pasaytirishga imkon berdi.

2019-yil davomida barcha foydalanuvchilar uchun provayder va operatorlarning tariflari ham kirish tezligini oshirish, ham oylik abonent toʻlovining qiymatini kamaytirish tomon koʻp marotaba oʻzgardi. Agar bir yil oldin aholi uchun cheksiz trafikka ega eng tezkor tarif rejasi 6 Mbit/s.dan oshmagan boʻlsa, bugungi kunda abonent 100 Mbit/s.gacha tezlikka ega tarifni tanlashi mumkin.

Oʻtgan yili cheksiz trafikli 6 Mbit/s. tezlikdagi internet xizmatlarining narxi 550 000 soʻmni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda xuddi shunday tarif rejasining narxi 99 000 soʻmga tushirilgan, yaʼni pasayish 5,6-martani tashkil etdi.

Natijada oʻtgan yilga nisbatan tariflar kamida 4 baravarga arzonlashtirilgan.

Yaqin kelgusida Oʻzbekistonda internet qanday rivojlanadi?

Bugungi kunda tashqi kanalning oʻtkazish qobiliyati barcha operator va provayderlarga oʻz kanallarini abonentlar uchun erkin ravishda kengaytirish imkonini bermoqda. Endilikda telekommunikatsiya tarmoqlari oldida mamlakat ichki aloqa kanallarining imkoniyatlarini kengaytirish vazifasi turibdi.

Bugungi kunda optik kanallarni siqish texnologiyasidan (DWDM) foydalangan holda magistral tarmoqni kengaytirish nuqtayi nazaridan “Magistral va koʻp xizmatli maʼlumotlarni uzatish tarmogʻini kengaytirish” va “Raqamli radio-rele uskunalari va IMS texnologiyalari boʻyicha (IP Multimedia Subsystem) kommutatsiya markazlarini modernizatsiya qilish” loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida viloyat markazlariga maʼlumot uzatish tezligi 2 baravarga (200 Gbit/s.), tuman markazlarigacha 4 baravarga (40 Gbit/s.) oshiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?