Oʻzbekistonda inson oʻzak hujayralari banki yaratiladi

17:19 11 Iyul 2019 Jamiyat
342 0

Bugungi kunda jiddiy va hayot uchun xavf tugʻdiradigan xastaliklarni davolashda oʻzak hujayralarini transplantatsiyasining samarasi hech kimda shubha tugʻdirmaydi. Ilmiy asosli tibbiyotda saraton, neyrodegenerativ, irsiy va qon-tomir kasalliklarini davolashda katta natijalarga aynan oʻzak hujayralardan foydalanish orqali erishilishi kutilmoqda.

Transplantologiya dunyo tibbiyotining yetakchi sohalaridan biridir, mamlakatimizda ham bu yoʻnalishda katta oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti xodimlari tomonidan limfoma va miyeloma bilan xastalangan bemorlarning orqa miyasidagi periferik qonidan olingan sogʻlom oʻzak hujayralarini transplantatsiyasi boʻyicha muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyotlari amalga oshirilgan. Leykozning oʻtkir shakllarida, bemorning oʻz orqa miyasi zararlangan holatlarda har bir holat uchun alohida qarindoshlar yoki qon guruhi mos keladigan insonlar orasidan donor tanlab olishga toʻgʻri keladi, bu esa ancha vaqtni talab etadi.

Gemopoetik oʻzak hujayralarning oʻrnini kindik qoni bosishi mumkin. Taʼkidlash joizki, kindik qoni chaqaloq tugʻilishi zahoti olinadi va bu xavfsiz, ogʻriqsiz muolaja boʻlib, orqa miya va perferik qondan donorlik oʻzak hujayralarini olishdan koʻra oson, ogʻriqsiz usuldir.

Bugungi kunda dunyoda kindik qoni oʻzak hujayralarini saqlovchi 150 ta bank mavjud, u yerda odamlarning oʻzlari uchun saqlab qoʻygan hujayra namunalari ham, donorlik oʻzak hujayralari ham saqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Ilgʻor texnologiyalar bazasida Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish instituti bilan hamkorlikda oʻzak hujayralar bankini yaratish rejalashtirilmoqda. Bank roʻyxatida mamlakatimiz aholisi populyatsion tarkibi aks etadi, shuningdek, onkologik kasalliklar, gemopoez, anemiya, nur kasalligi va boshqa ogʻir kasalliklar bilan xastalangan bemorlarga transplantatsiya qilish uchun oʻzak hujayralarning mavjudligi toʻgʻrisida maxsus tibbiy muassasalarga maʼlumotlar beriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?