Oʻzbekistonda inflyatsiya darajasi yillik hisobda 13,6 foizni tashkil etdi

18:53 20 May 2019 Iqtisodiyot
750 0

2019 yilning I choragida makroiqtisodiy holat Markaziy bankning asosiy prognozlariga mos ravishda shakllandi. Yalpi ichki mahsulotning real oʻsishi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan (5,1 foiz) jadallashib, 5,3 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida maʼlum qilingan.

Mazkur davrda iqtisodiy oʻsishning asosiy “drayverlari” oʻtgan yillarda boʻlgani kabi banklar tomonidan kreditlash faolligining oshishi hamda oʻrta darajadagi yumshoq soliq-byudjet siyosatining yuritilishi hisobiga asosiy kapitalga yoʻnaltirilgan investitsiyalarning yuqori darajada oʻsganligi (2018 yilning shu davriga nisbatan 29,3 foizga koʻp), shuningdek, aholi daromadlari oʻsishining davom etishi kabi omillar boʻldi.

Taklif omillari tomondan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarining 6,8 foizga oshishi, shu jumladan, isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishning – 18,3 foizga, qurilish ishlarining – 5,9 foizga va xizmatlar koʻrsatishning – 11,1 foizga oshishi yalpi ichki mahsulot oʻsishiga asosiy hissa qoʻshdi.

Kreditlash hajmlarining oʻsish surʼati deyarli oʻzgarmadi va oʻtgan yilning mos davri darajasida boʻldi. Biroq, kredit portfeli tarkibida sezilarli oʻzgarishlar roʻy berdi. Xususan, milliy valyutadagi kreditlarning oʻsish surʼati deyarli 2 barobar pasaygan boʻlsa, xorijiy valyutadagi kredit qoʻyilmalari oʻsishining tezlashishi kuzatildi.

Kredit portfeli tarkibidagi ushbu tendensiyalar inflyatsiya darajasi va valyuta bozoridagi holatga joriy bosimning oldini olishi imkonini bersa, ayni paytda, ushbu xatarlarni keyingi davrlarda (oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda) roʻy berish ehtimolini oshiradi.

Bunday sharoitda tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda iqtisodiyotga qarz majburiyatlarini yuqori surʼatlarda jalb qilinishining vujudga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarining oldini olishga alohida eʼtibor qaratish zaruriyati ortib bormoqda.

Umuman olganda, xorijiy valyutada kreditlash hajmlarining yuqori surʼatlarda saqlanib qolishi, bir tomondan, iqtisodiyotda investitsion talabning yuqoriligini aks ettirsa, boshqa tomondan, investitsion resurslarni jalb qilishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kanali va kapital bozorining toʻliq safarbar etilmaganligini natijasida loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha asosiy yukning bank tizimi zimmasiga toʻgʻri kelayotganligini koʻrsatmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida oʻrta darajadagi yumshoq soliq-byudjet siyosati yuritildi va davlat byudjeti ijrosi 1,1 trln. soʻmlik defitsit bilan bajarildi. Mazkur defitsitning davlat qimmatli qogʻozlarini muomalaga chiqarish va tashqi qarzni jalb qilish orqali qoplanishi uning inflyatsion bosimini yumshatishga xizmat qildi.

Inflyatsiya darajasi Markaziy bankning asosiy prognozlarida nazarda tutilgan xatarlarning qisman amalga oshishi va narxlarga mavsumiy omillar taʼsiri natijasida shakllanib, chorak yakunlari boʻyicha yillik hisobda 13,6 foizni tashkil etdi va 13,5-15,5 foizlik prognoz koridorining quyi chegarasida boʻldi.

Inflyatsiya darajasining prognoz koʻrsatkichlari doirasida saqlanib qolishi, ichki bozorda tovarlar va xizmatlar taklifining ortishi, shuningdek, milliy valyuta almashuv kursini barqarorligi qisqa va oʻrta muddatli inflyatsion kutilmalarning pasayishiga xizmat qildi.

Markaziy bakning ichki valyuta bozoridagi intervensiyalarining belgilangan parametrlar doirasida boʻlishi, davlat qimmatli qogʻozlarini muomalaga chiqarilishi hamda Markaziy bankning depozit auksionlari bank tizimidagi qoʻshimcha likvidlikni sterilizatsiya qilish imkonini berdi va iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalarini saqlab qolinishiga xizmat qildi.

Iqtisodiyotda jamgʻarish faolligining barqaror oʻsish tendensiyasi saqlanib qoldi. 2019 yilning I choragida jismoniy shaxslarning muddatli depozitlari hajmi 19,2 foizga, yuridik shaxslarniki esa – 13,2 foizga oʻsdi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlarda sezilarli oʻzgarishlar kuzatilmadi. Asosiy kapitalga investitsiyalarning jadal oʻsishi va tashqi qarz manbalaridan investitsion resurslari oqimining ortishi, uskunalar va ishlab chiqarish liniyalari importida aks etmoqda.
Bu oʻz navbatida, joriy hisoblar balansi manfiy saldosining saqlanib qolishiga olib keldi.

Markaziy bank iqtisodiy oʻsishning 5,2-5,4 foizlik asosiy prognozini saqlab qolmoqda. Keyingi davrlarda ham xorijiy kredit liniyalari va oʻrta darajadagi yumshoq soliq-byudjet siyosati hisobiga investitsiyalarning yuqori surʼatlarda oʻsishi, aholi daromadlarining ortishi hamda transchegaraviy pul oʻtkazmalarining ijobiy dinamikasi iqtisodiy oʻsishning asosiy omillari boʻlib qoladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?