Oʻzbekistonda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yoʻlovchi vagonlari ishlab chiqarilmoqda

18:02 18 Mart 2019 Jamiyat
210 0

“Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida yildan-yilga ishlab chiqarish hajmi ortib, eksport koʻlami kengayib bormoqda. Xususan, shu kungacha 61-907 va 61-911 modeldagi kupe va plaskart vagonlari eksport qilingan boʻlsa, endilikda ularning soni yana bittaga ortdi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Zavodda yangi 61-931 rusumdagi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus kupeli shtab vagoni ishlab chiqarildi. Ushbu vagon mijozlar talab va istaklariga koʻra, zavod muhandis-konstruktorlari tomonidan loyihalashtirildi. Mutaxassislar vagonda imkoniyati cheklangan insonlar uchun bir qator qulayliklarni yaratishga alohida eʼtibor qaratishdi. Xususan, vagon va kupening kirish qismi, yoʻlaklar kengaytirilgan. Eng muhimi, nogironlik aravachasini olib chiqish uchun maxsus koʻtaruvchi moslama oʻrnatilgan.

Yangi ishlab chiqarilayotgan vagonning 60 foiz butlovchi qismlari mahalliylashtirish dasturi boʻyicha korxonaning oʻzida tayyorlanmoqda. Xususan, isitish va sovitish tizimlari, elektr boshqaruv pulti, yuqori va past kuchlanish maxsus elektr moslamasi, telejkalar oʻzimizning milliy mahsulotlardir.

“Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamoasi shu kunlarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus vagonlar koʻrgazmasini Qozogʻiston Respublikasida oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Ayni kunda 2 ta tayyor mahsulot mijozlarga yetkazilgan.

Endilikda “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyatining xalqaro yoʻnalishlardagi poyezdlarida ham shu kabi jahon standartiga mos vagonlarni joriy etish koʻzda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?