Oʻzbekistonda ilk marta velosportning shosse yoʻnalishi boʻyicha Osiyo chempionati oʻtkaziladi

12:18 16 Aprel 2019 Sport
117 0

Joriy yilning 22-28 aprel kunlari yurtimizda velosportning shosse yoʻnalishi boʻyicha Osiyo chempionati boʻlib oʻtadi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, velosiped sportining shosse yoʻnalishi boʻyicha kattalar, oʻsmirlar va paralimpiyachilar oʻrtasida Osiyo chempionati Oʻzbekistonda ilk marotaba oʻtkazilmoqda.

Mazkur musobaqa erkak va ayol sportchilar uchun 2020 yil Tokio (Yaponiya) shahrida boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlariga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanma (litsenziya) olish imkonini beradi.

Osiyo chempionatida Xitoy, BAA, Filippin, Yaponiya, Tailand, Janubiy Koreya, Vyetnam, Hindiston, Gongkong, Moʻgʻuliston, Iordaniya, Eron, Saudiya Arabistoni, Yaman, Malayziya, Livan kabi 36 davlatdan 520 nafar sportchi ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Musobaqa munosabati bilan Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) prezidenti David Lapartyen va Osiyo Velosport Konfederatsiyasi (ASS) prezidenti Osama Ahmad Al-Shafar rahbarligidagi nufuzli delegatsiyalar tashrifi kutilmoqda.

Chempionat tadbirlari doirasida, aniqrogʻi 26 aprel kuni Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Osiyo velosiped sporti konfederatsiyasining navbatdagi Kongressi ham oʻtkaziladi.

Poygalar dastlab toʻrt kun davomida Gʻazalkent shahri hududida kechadi, soʻnggi ikki kun Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasi yonidan start oladi. Marra chizigʻi Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida joylashgan “Bildirsoy” dam olish oromgohi yaqinida va Sijjak qishlogʻi hududida belgilanadi. Musobaqa jarayonlarini vertolyotlar yordamida tasvirga olib, efirga uzatish rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda jismoniy tarbiya va sport, xususan velosiped sportini yanada ommalashtirish va rivojlantirish, milliy terma jamoa zaxirasini shakllantirish bilan birga respublikamizda turizmni rivojlantirishda ham katta ahamiyatga ega.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?