Oʻzbekistonda ilk bora qishloq xoʻjaligi sohasida tijoratlashtirishga tayyor boʻlgan ilmiy ishlanmalar koʻrgazmasi oʻtkazilmoqda

22:30 16 Sentyabr 2020 Jamiyat
230 0

Joriy yilning 16-sentyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida Oʻzbekistonda ilk bora qishloq xoʻjaligi sohasida tijoratlashtirishga tayyor boʻlgan ilmiy ishlanmalar koʻrgazmasi ochildi. Uch kun davom etadigan koʻrgazmada yurtimizdagi ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy va innovatsion markazlari tomonidan 200 taga yaqin qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy ishlanmalar namoyish etiladi.

Koʻrgazmani tashkil etishdan asosiy maqsad vazirlikning yangi binosida muloqotlar maydonini tashkil etish, ishlab chiqarish va ilm-fan oʻrtasidagi mavjud jarlik oʻrtasida koʻprik yasashdir. Bu maydon olimlar tomonidan yaratilgan yangi ishlanmalarni taqdim etish bilan bir qatorda ulardagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ham imkoniyatdir. Koʻrgazma talabga mos ravishda vazirlik tomonidan istiqbolli loyihalarga moliyaviy mablagʻ ajratish, intellektual mulkni himoya qilishda yordam koʻrsatish, ilmiy ishlanmaning bozor talablariga javob beradigan prototipini ishlab chiqarish, tarmoqqa tayyor mahsulotni yetkazib berish choralarini koʻrishga koʻmak beradi.

Tadbirda “olim-tarmoq”, “olim-ishlab chiqaruvchi” oʻrtasida muloqotni oʻrnatib, ular oʻrtasidagi muammolarni zudlik bilan hal qilinishi koʻzda tutilgan. Hozirda xususiy tadbirkorlar, klaster rahbarlari, fermerlar va olimlar oʻrtasida muloqotning kamligi bois qishloq xoʻjaligida qator muammolar yechilmay turgani kuzatilmoqda. Mazkur koʻrgazma uni yechishga qaratilgan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?