Oʻzbekistonda ilk bor sof palladiy olishga erishildi. Uning 1 grammi 67 dollar turadi

16:46 29 Iyun 2020 Iqtisodiyot
153 0

Oʻzbekistonda, aynan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tashabbusi va ilmiy tadqiqotlari tufayli birinchi bor yuqori tozalikdagi 99,00% sof palladiy kukunini olishga erishildi. Bu haqda OKMK axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tozalangan sof palladiy kukuni ajratib olish uchun 17 ta jarayonni bosib oʻtish kerak boʻladi. Oʻtkazilgan tadqiqotlar asosida past konsentratsiyali elektrolit eritmalaridan yuqori tozalikka ega boʻlgan sof palladiy kukunini ajratib olishning yangi texnologiyasi yaratilib, metall ajratib olish darajasi 80 foizga olib chiqildi. Shu maʼnoda kombinat rahbariyatining faol va ilgʻor tashabbusi bilan 2018-yildan buyon olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari diqqatga molikdir. 

Bugun dunyo bozorida 1 grammi 67 dollarga baholanayotgan palladiy ishlab chiqarish sanoati yildan yilga sohaviy tarzda takomillashib bormoqda. Platinadan 7,3 foizga qimmat yuradigan bu nodir metall asosan tibbiyot, xususan, stomatologiya sohasida, elektronika, mashinasozlik va kimyoviy ishlab chiqarish tarmoqlarida keng qoʻllaniladi. Palladiy ishlab chiqarish sanoatining 40 foizi asosan Janubiy Afrika Respublikasi hamda Rossiya, Shimoliy Amerika mamlakatlari hamda Zimbabve hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

— Dunyo miqyosida mazkur nodir metallga boʻlgan talab juda yuqori boʻlib, ular har doim ham rudalarda yetarli darajada uchramaydi, — deydi kombinatning Yangi texnologiyalar markaziy laboratoriyasi Mis metallurgiyasi boʻlinmasi boshligʻi Orifjon Usmonqulov. — ... Kombinat rahbariyatining topshirigʻi bilan sof va oʻta toza palladiy metallini ajratib olish borasida 2018-yilning noyabr oyidan buyon ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Maqsad palladiy miqdori kam boʻlgan chiqindi elektrolit eritmalaridan, garchi 1 litrda 50 mg boʻlgan taqdirda ham sof palladiy kukunini ajratib olish usulini ishlab chiqishdan iborat edi. Kombinat rahbariyati tomonidan qoʻyilgan maqsad oʻzini oqladi va bunga erishildi. Bugungi kunda hatto 40 mg palladiy bir litr eritmada qolguncha choʻkmaga tushirib olinmoqda. Avvalgi texnologik yoʻriqnomalarda bunday natijalarga erishilmas edi.

Bugun dunyo miqyosida Yevropa, Yaponiya, Xitoy va Shimoliy Amerika davlatlari sanoat bozorida palladiydan unumli foydalanayotgan mamlakatlar safiga kiradi. Bu faktlar koʻplab sohalarning ravnaqiga xizmat qiladi. 
"Shunday ekan, qayta ishlangan elektrolitdan sof palladiy kukunini ajratib olishni sanoat sohasiga keng tatbiq etayotgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining bu saʼy-harakatlari mamlakatimiz iqtisodiy ishlab chiqarish salohiyatiga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatadi va albatta, palladiydan unumli foydalanayotgan rivojlangan davlatlar safiga kirishimizga umid qilib qolamiz" deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?