Oʻzbekistonda ilk bor oʻquvchi-qizlar oʻrtasida “Qizlarjon” sammiti boʻlib oʻtadi

23:07 12 Mart 2019 Jamiyat
730 0

Illyustrativ foto

Joriy yilning 23 — 26 mart kunlari Samarqand shahrida ilk bor “Qizlarjon” oʻquvchi-qizlar sammiti boʻlib oʻtadi. Bu haqda “Xalq soʻzi ONLINE”ga Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamova xabar berdi.

Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda Samarqand viloyati hokimligining hamkorligida oʻtkazilmoqda.

Mazkur sammit oʻquvchi-qizlarning zamonaviy bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, kasb-hunarga oʻrgatish, shuningdek, ularni milliy urf-odat va anʼanalar ruhida tarbiyalash, oilaviy hayotga tayyorlash, ilgʻor tajribalarini ommalashtirish va qoʻllab-quvvatlash kabi maqsadlarni koʻzlab umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Ilm-fan — kelajak poydevori” shiori ostida tashkil etiladi.

Sammitda Respublika boʻyicha har bir hududdan 10 nafardan 14 — 18 yoshdagi 8 — 11 sinf oʻquvchi-qizlar quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ishtirok etishi mumkin:

  • “Qizlarjon” klubi koordinatorlari;
  • xalqaro va respublika fan olimpiadalari gʻoliblari;
  • hunarmandlik bilan shugʻullanayotgan oʻquvchi-qizlar;
  • innovatsion gʻoyalar muallifi boʻlgan oʻquvchi-qizlar;
  • AKT sohasi bilan shugʻullanuvchi oʻquvchi-qizlar;
  • fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirgan oʻquvchi-qizlar;
  • fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirgan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari;
  • Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining hududiy sardorlari;
  • profilaktik hisobdagi oʻquvchi-qizlar (tarbiyasi yaxshilanayotgan).

Oʻquvchi-qizlar suhbat asosida ijtimoiy jarayonlardagi faolligi, Vatani tarixi va buguni haqida maʼlumotga egaligi, xorijiy tillarni mukammal bilishi, liderlik koʻnikmalari shakllanganligi, taʼlim, ijtimoiy sohalardagi xorij tajribasi bilan tanishligi, tanqidiy va tahliliy tafakkurining rivojlanganligi inobatga olingan holda saralanadi.

Sammit doirasida oʻquvchi-qizlar bilim-koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan turli mahorat darslari, tadbirlar va “TED-Ed” klublarini tashkil etish va yuritish sirlari, “Soft skills” koʻnikmalari, zamonaviy AKT imkoniyatlari va ularni hayotga tatbiq etish usullari, innovatsion menejment, marketing va PR orqali investitsiyalarni jalb etish kabi mavzulardagi treninglarda ishtirok etishadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?