O‘zbekistonda ilk bor Xalqaro velosiped kuni nishonlandi

16:37 04 Iyun 2018 Jamiyat
365 0

Kecha O‘zbekiston velosport federatsiyasi va Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida Xalqaro velosiped kuni munosabati bilan velopoyga musobaqasi tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, 3 iyun sanasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Xalqaro velosiped kuni deb e’lon qilingan.

Shu munosabat bilan qabul qilingan rezolyutsiyada barcha davlatlar velosipedni boshqarilishi oson, o‘zi arzon, ishonchli va ekologik jihatdan toza, insonning jismoniy va ruhiy sog‘lomligini mustahkamlashga xizmat qiladigan vosita sifatida ommalashtirish uchun ko‘maklashishga chaqirilgan.

Velopoyga Maxtumquli ko‘chasi bo‘ylab tashkil etilib, marra “Ashxobod” xiyoboni bo‘ldi. Uning rasmiy qismi ham shu yerda o‘tkazildi.

Umumiy uzunligi 4,5 km. teng poygalarda yurtimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik missiyalar, xalqaro tashkilotlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, professional sportchilar va havaskorlar, qariyb 300 kishi ishtirok etdi. Ularning orasida BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori va BMTTDning doimiy vakili Xelena Freyzer, Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchisi Kristofer Allan ham bor edi.

Yakuniy marosimda O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, Turkmaniston elchisi Shiri Shiriyev va BMTning yurtimizdagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer qatnashchilarga mazkur muhim tadbirga kelganliklari uchun minnatdorlik bildirib, barchani sport bayrami bilan tabrikladi.

Aytgancha, ushbu poygalarda onlayn nashrimizga murojaat qilgan faxriy velosportchilar Xursand Sherov hamda Svetlana Isayevani ham ko‘rib qoldik.

Xabaringiz bor, bu ikki inson milliy kurashimiz shu yil Indoneziyada tashkil etiladigan 18-Osiyo o‘yinlariga kiritilishi munosabati bilan “Toshkent-Jakarta” yo‘nalishida velosipedda yo‘lga chiqib, o‘ziga xos velotarg‘ibot o‘tkazib ketish uchun homiy topish masalasida murojaat qilgan edi.

Xursand Sherov bilan shu masalada gaplashganimizda, o‘zining qadrdon ulovida va hamrohi Svetlana Isayeva bilan yaqin vaqt ichida “qaydasan, Jakarta?!” deya yo‘lga chiqib ketajagini bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?