Oʻzbekistonda ilk bor “Doctors community cup – Tashkent – 2019” xalqaro turniri oʻtkaziladi

10:58 20 Mart 2019 Jamiyat
238 0

Oʻzbekistonda ilk bor shifokorlar oʻrtasida “Doctors community cup – Tashkent – 2019” xalqaro turniri oʻtkaziladi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Turnir Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan oʻtkazilmoqda.

Aytish mumkinki, yurtimiz shifokorlari oʻrtasida futbol, ayniqsa, eng ommalashgan sport turlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizning futbol boʻyicha shifokorlar terma jamoasi bir necha yillardan beri futbol boʻyicha shifokorlar jamoalari oʻrtasida oʻtkazib kelinadigan Jahon chempionatida ham muvaffaqiyatli qatnashib keladi. 2018 yildan boshlab Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi homiylikni oʻz zimmasiga olib, moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlayotgani jamoani yanada ruhlantirmoqda.

Bu haqda joriy yilning 25 – 30 mart kunlari Toshkent shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va Ukraina shifokorlarining futbol jamoalari ishtirokida oʻtadigan “Doctors community cup – Tashkent – 2019” xalqaro turniri oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib oʻtildi.

Maʼlumki, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan sogʻlom turmush tarzi targʻibotiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yil mart oyi boshidan buyon haftaning har shanbasida Respublika yurish kuni, Respublika yurish marofoni kabi ommaviy tadbirlar koʻtarinki ruhda oʻtkazildi. Mazkur xalqaro turnir ham ushbu saʼy-harakatlarning uzviy davomidir. Yaʼni, sogʻliqni saqlash muassasalari tibbiyot xodimlari oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, shifokorlar oʻrtasida millionlar oʻyini boʻlgan futbolni ommalashtirish, dunyo hamjamiyati shifokorlari oʻrtasida yurtimiz shifokorlarining obroʻsi va imijini oshirish, chet ellik shifokorlarga yurtimizning diqqatga sazovor joylari va turistik salohiyatini namoyish qilish maqsadida “Doctors community cup – Tashkent – 2019” xalqaro turniri tashkil etilmoqda.

Musobaqa reglamentiga asosan, oʻyinlarda 25 yoshdan katta boʻlgan, mutaxassisligi va fuqaroligidan qatʼiy nazar, shifokorlik diplomiga ega boʻlgan xodimlar ishtirok etadi. Turnirda Oʻzbekiston terma jamoasidan tashqari Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Belarus, Ukraina terma jamoalari oʻzaro raqobatlashadi. Bundan tashqari, turnirga Fransiyada joylashgan Jahon sogʻliqni saqlash xodimlari Olimpiya oʻyinlari assotsiatsiyasi vakili Giyom Gassend ham taklif etilgan.

Aytish joizki, Rossiya jamoasi 40 va undan katta yoshdagi shifokorlar bilan yurtimizga tashrif buyuradi. Shu sababli ham mazkur yosh toifasida Oʻzbekiston-2 terma jamoasi ham ishtirok etadi. Shu tariqa nufuzli musobaqada jami 8 ta jamoa qatnashadi.

Eslatib oʻtamiz, musobaqaning tantanali ochilish va qurʼa tashlash marosimi 25 mart kuni boʻlib oʻtadi. Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Belarus va Ukraina jamoalari 2 ta guruhga boʻlingan holda oʻzaro kurashadi. Oʻyinlar 11.00 va 14.00da poytaxtimizdagi “Milliy ” va “Jar” stadionlarida oʻtkaziladi. Rossiya va Oʻzbekiston-2 terma jamoalari esa guruh bahslarida ishtirok etmaydi. 29 mart kuni pley-off oʻyinlari, 30 mart kuni musobaqaning gʻolib va sovrindorlari aniqlanadi. Turnirning tantanali yopilish marosimi soat 17.00 da boʻlib oʻtadi.

Tadbir doirasida “Tibbiyot va sportda innovatsiyalar” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar ham oʻtkazilishi va unda tibbiyotning dolzarb masalalari boʻyicha shifokorlarning oʻzaro tajriba va fikr almashishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, mehmon jamoalarning Samarqand shahriga sayohatini tashkil qilish orqali ularga yurtimizning turistik salohiyati va imkoniyatlarini keng namoyish qilish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?