O’zbekistonda ilk bor “DigiGirlz” ta’lim dasturi tashkil etilmoqda

15:12 03 Aprel 2018 Jamiyat
610 0

O’zbekistonda birinchi marta qizlar salohiyatini oshirish va ularni texnologiyalar sohasiga jalb etishga qaratilgan “DigiGirlz” ta’lim dasturi bo’lib o’tadi. Mazkur ta’lim dasturiga qiziqish bildirgan qizlar 2018 yil 6 aprelgacha ro’yxatdan o’tishlari kerak.

Bu haqda O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“DigiGirlz” – “Microsoft” korporatsiyasining qizlar uchun ilm-fan, texnologiya, muhandislik ishi va matematika sohalarida ta’limga investitsiya dasturidir. Dastur global iqtisodiyotning chaqiruvi va muammolariga tayyor bo’lgan yosh kadrlarni tayyorlash uchun mo’ljallangan.

Dastlabki ta’lim dasturi 2018 yil 10 aprel kuni Toshkent shahridagi Inha universiteti binosida bo’lib o’tadi. 

Dastur yosh qizlarga texnologiya sohasi va yangi innovatsiyalar bilan tanishish imkonini beradi. Birinchi bo’limda ishtirokchilar stereotiplarni sindirib, ayollar uchun noan’anaviy bo’lgan texnologiya sanoatida karera qilgan “Microsoft” korporatsiyasi vakillari va mutaxassislarining ma’ruzalarida ishtirok etadilar. Ushbu ma’ruzalar qizlarga nimalarni kutish kerakligi va bu sohada ish nima berishi mumkinligini tushunishga imkoniyat yaratadi.

“DigiGirlz” ikkinchi qismi axborot texnologiyalari sohasi hayajonli va qiziqarli bo’lishi mumkinligini ko’rsatib beradigan amaliy mashg’ulotlardan iborat bo’ladi. 

Dasturda 12-14 yosh(kichik guruh) va 15-17 yosh(katta guruh) qizlar ishtirok etishlari mumkin. Qiziqish bildirgan qizlar 2018 yil 6 apreliga qadar “DigiGirlz”ga digigirlz.uz sayti orqali ro’yxatdan o’tishlari mumkin. O’rinlar soni cheklangan(har bir guruh uchun 30 nafardan).

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?