Oʻzbekistonda ilgari bunyod etilishi rejalashtirilgan bir nechta ixcham GESlar qurilmaydigan boʻldi. Nega?

17:43 19 Avgust 2019 Jamiyat
310 0

Mazkur savolga Norma.uz quyidagicha javob qaytardi:

“Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-avgustdagi 665-son qarorida aytilgan.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ Jizzax viloyatidagi Zomin suv omboridan chiqadigan kanalda quvvati 200 kVt. boʻlgan mikroGES qurilishi boʻyicha pilot loyihasini amalga oshirdi.

Ushbu loyiha natijalarini hisobga olgan holda, kompaniya va “Gidroloyiha” AJ loyiha instituti mutaxassislari Andijon, Jizzax, Namangan, Qashqadaryo, Samarqand va Fargʻona viloyatlariga chiqib, mikroGES qurish uchun eng istiqbolli uchastkalarni qoʻshimcha ravishda oʻrgandilar.

Ular ilgari rejalashtirilgan Jizzax, Namangan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida 32 ta mikroGES qurilishi maqsadga muvofiq boʻlmaydi, degan xulosaga keldilar. Bunga suv oqimi yetarlicha davomli emasligi, suv bosimi (1 – 4,5 metr) va kanal boʻyicha suv sarfi (0,25 – 4 kub m/sek) pastligi sabab qilib keltirildi.

Andijon (6), Qashqadaryo (2), Samarqand (5) va Fargʻona (1) viloyatlarida yangi mikroGESlarni qurish uchun suv oqimlarining 14 ta istiqbolli uchastkasi aniqlandi. Bu yerda suv bosimi (6 – 90 metr), suv sarfi (1 – 8 kub m/sek) hamda bir yil mobaynida suv oqimi rejimlarining davomiyligi ancha yuqori.

Shu tariqa, hammasi boʻlib 19 ta mikroGES quriladi, ularning jami hisob-kitob quvvati 10 055 kVt.ni tashkil etadi. Qurilish xarajatlari 12 mln. AQSH dollaridan ortiqni tashkil etadi. 2019-yilning IV choragi va 2020-yilning III-IV choraklarida ishga tushirish moʻljallangan.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 13.08.2019-yildan kuchga kirdi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?