Oʻzbekistonda ikki hafta ichida qancha gaz oʻgʻirlangani maʼlum boʻldi

14:18 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
159 0

Arxiv foto

Energetika vazirligi maʼlumotiga koʻra, koʻplab ogohlantirishlarga va belgilangan tartibda choralar koʻrilganiga qaramay, yakka tartibdagi biznes vakillari, shuningdek Respublika aholisi tarafdan tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya qilmasligi davom etmoqda. Jamoatchilik nazorati va fuqarolarning gazdan foydalanishda befarqligi qonunbuzarlarning jazosiz qolishiga va ularning erkin harakatlariga yordam beradi. Shuni esda tutish kerakki, gaz taʼminotidagi uzilishlarning asosiy sabablaridan biri gaz tarmoqlariga tartibsiz, ruxsatsiz ulanishdir.

Angren shahrida oʻtkazilgan profilaktika tadbirlari davomida, gaz taʼminoti tashkilotining baʼzi “manfaatdor” shaxslari Angren shahrida suyultirilgan gazni qabul qilish va tarqatish jarayonida shaxsiy manfaatlarga ega ekanligi maʼlum boʻldi.

Joriy yilning avgust oyida Angren shahrida suyultirilgan gazni gaz ballonlarda tarqatish boʻyicha profilaktika tadbirlari davomida jami 344 mln. 35 ming soʻmlik 83 ming 860 kg hajmdagi suyultirilgan gaz asossiz ravishdan hisobdan chiqarilganligi aniqlandi. Bundan tashqari, Angren shahridagi isteʼmolchilar bilan oʻtkazilgan ogʻzaki muloqot natijasida, suyultirilgan gazning narxi sunʼiy ravishda oshirilganligi maʼlum boʻldi. Yaʼni 20 kg. lik bir dona gaz ballon uchun davlat tomonidan belgilangan imtiyozli narx 19 ming soʻm boʻlishiga qaramasdan, isteʼmolchilar oʻrtacha 23-24 ming soʻmdan toʻlab borilayotganligi maʼlum boʻldi.

Shuningdek, joriy yilning 30-avgust kuni “Oʻzneftgazinspeksiya” tomonidan Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida gazdan noqonuniy foydalanish boʻyicha oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar davomida gaz taʼminotiga noqonuniy ulanish orqali “Yuksak Parranda” MCHJga qarashli bitum ishlab chiqarish sexida jami 299 ming 140 metr kub tabiiy gazdan foydalanib 298 mln. 616 ming soʻmlik zarar yetkazganligi aniqlandi.

Umuman olganda, joriy yilning 16-avgustidan 30-avgustiga qadar Respublika boʻyicha profilaktika tadbirlari natijasida jami 1 mlrd. 698 mln soʻmdan ortiq 2 mln. 98 ming metr kub boʻlgan tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalangan 133 ulgurji isteʼmolchi aniqlandi.

Xususan, Navoiy viloyatida joylashgan “Zararfshon Golden Grup” MCHJga qarashli ohak ishlab chiqarish sexida 314 mln. soʻmdan ortiq, 315 ming metr kub, Samarqand viloyatida joylashgan “Fortuna Gold Invest Ltd” MCHJga qarashli gaz-betonli gʻisht ishlab chiqarish sexida 99 mln. soʻmdan ortiq miqdordagi 282 ming metr kub, shuningdek, Toshkent viloyatida joylashgan “Progress Agro Business” MCHJ, “Dong San” MCHJ, “Glass Tech Servis” MCHJ, korxonalariga qarashli parrandachilik fermalarida va bitum ishlab chiqarish sexlarida jami 503 mln. soʻmdan ortiq 602 ming metr kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.

Umuman olganda, joriy yilning boshidan 2000 ga yaqin tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanish holatlari aniqlangan boʻlib, tegishli choralar koʻrish uchun hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.

Shuni yodda tutish zarurki, oʻgʻriliklar aholiga gaz kabi qimmatli xom ashyoning toʻliq miqdorda yetkazib berilmasligiga sabab boʻladi. Bu mamlakatda tobora rivojlanib borayotgan bandlik mexanizmini hisobga olgan holda iqtisodiyotga zarar yetkazadi. Shu bilan birga ayrim masʼul shaxslarning nohalolligi Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga nisbatan aholining ishonchiga putur yetkazadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?