Oʻzbekistonda I va II guruh nogironligi boʻlgan erkaklarga kamida 25 yil ish staji boʻlganda pensiya olish huquqi beriladi

09:46 11 Sentyabr 2018 Jamiyat
156 0
Illyustrativ foto

Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi ishchi guruhining yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar bermoqda OʻzA.

Unda “Uy-joy kommunal xizmatlarni koʻrsatish va aholining ijtimoiy jihatdan himoya qilinishini taʼminlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokama etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 30 avgust kuni qabul qilingan qonunning maqsadi toʻlov intizomini mustahkamlashga, shuningdek, ayrim toifadagi I va II guruh nogironlariga imtiyozli pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan. Qonunning 1-moddasiga muvofiq, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga qoʻshimchalar va oʻzgartish kiritildi.

Jumladan, tegishli band bilan Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan roʻyxat boʻyicha I va II guruh nogironligi boʻlgan erkaklarga kamida 25 yil ish staji, ayollarga kamida 20 yil ish staji boʻlgan taqdirda pensiya olish huquqi beriladi.

Mamlakatda 760 mingdan ortiq nogironligi boʻlgan shaxslar roʻyxatga olingan. Mutaxassislarning fikrlariga koʻra, ushbu oʻzgartish va qoʻshimchalar pensiya tarqatishda uchrayotgan kamchiliklar, notoʻgʻri hisoblashlarga barham berishga xizmat qiladi.

Qonunning 2-moddasiga muvofiq, Uy-joy kodeksining 134-moddasiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritildi. Xususan, davlat va xususiy uy-joy fondlarida koʻrsatiladigan suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun majburiy toʻlovlar oldindan 100 foizlik haq toʻlash asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga oluvchilariga kommunal xizmatlar koʻrsatish majburiy toʻlovlar 3 oydan ortiq toʻlanmagan taqdirda toʻxtatib turiladi, bundan suv taʼminoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish mustasno.

Ushbu qonun qarzdorlikning oldini olish, kommunal soha tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ichki infratuzilmasini yaxshilash, sohaga yangi texnologiyalarni jalb etishga xizmat qilishi aytildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?