Oʻzbekistonda harbiy mojarolarga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtadi

18:57 07 Oktyabr 2019 Jamiyat
100 0

15–16-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida “Hozirgi zamon harbiy mojarolari: mazmuni va xulosalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Qurolli Kuchlari akademiyasi hamda Toshkent shahridagi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti loyihalarining Koordinatori koʻmagida tashkil etilayotgan konferensiyada harbiy mojarolarni hal qilishning zamonaviy usullari va yondashuvlari boʻyicha milliy va xalqaro tajribalarni umumlashtirish, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish hamda harbiy kadrlarni tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Mazkur konferensiya harbiy mojarolarning paydo boʻlish tabiati, ularni bartaraf qilishning samarali choralari, cheklash va keskinlashuviga yoʻl qoʻymaslik masalalari boʻyicha tajriba va axborot almashish uchun keng muhokama maydonini yaratish, hozirgi zamon harbiy mojarolarida, harbiy sanʼat rivojlanishidagi yangi tendensiyalar boʻyicha yagona qarashlar va yondashuvlarni yaratish maqsadida oʻtkazilmoqda.

Konferensiyada Oʻzbekistondagi YEXHT, BMT vakillari va ekspertlari, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Xalqaro Qizil xoch qoʻmitasining mintaqaviy delegatsiyasi, MDH, SHHT MATT, NATO, Jorj Marshall nomidagi Xavfsizlik masalalarini oʻrganish Yevropa markazi, AQSH Milliy mudofaa universiteti qoshidagi Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo Strategik tadqiqotlar markazi, Ozarbayjon, Belarus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Italiya, Qozogʻiston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Qirgʻiziston oliy harbiy taʼlim muassasalari vakillari qatnashadi.

Konferensiya bitta yalpi majlis, toʻrtta shoʻbada ish olib boradi. Shular asosida xulosa chiqarish uchun yakuniy majlis ham oʻtkaziladi.

“Konferensiyada ishtirok etish uchun toʻldirilgan talabnoma va maʼruzani elektron manziliga joʻnatish zarur, e-mail: akaduz@umail.ru yoki akaduz@yandex.ru

Konferensiya ishtirokchilarini roʻyxatga olish 2019-yil 15-oktyabr 8:30 dan 09:00 gacha Qurolli Kuchlar akademiyasining katta majlislar zalining foyesida oʻtkaziladi“ - deyiladi xabarda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?