Oʻzbekistonda har yili 600 ga yaqin ayol oʻz joniga qasd qilmoqda

13:47 12 Iyul 2019 Jamiyat
360 0

Kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Oiladagi zoʻravonlik masalalari, turli vaziyatlar tahlili va bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida brifing jurnalistlar bilan muloqot boʻlib oʻtdi.

Unda Prezident qaroriga muvofiq, joylarda zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bilan shugʻullanadigan 165 ta markaz faoliyati yoʻlga qoʻyilgani maʼlum qilindi. Har bir markazda psixolog, huquqshunos, ijtimoiy soha va tibbiyot xodimlari jamoatchilik asosida faoliyat yuritmoqda.

Hozirga qadar ushbu markazlarga 5 ming 468 nafar xotin-qiz murojaat etgani qayd etildi.

Qoʻmita IIV bilan hamkorlikda joylarda xotin-qizlar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan oʻz joniga qasd qilish holatlarini tahlil qilish maqsadida vaziyatni joylarga chiqqan holda oʻrganayotganini taʼkidladi. Aytilishicha, uyma-uy yurish davomida mahallalar kesimida notinch oilalar, ruhiyatida salbiy oʻzgarish boʻlgan fuqarolar aniqlanib, ular bilan individual ishlar tashkil qilingan.

“Hozirgi vaqtda oʻz joniga qasd qilish dunyo miqyosida jamiyatning global muammosiga aylanib qoldi, — dedi Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Bositxonova. — Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, har yili 4-5 million nafar inson oʻz joniga qasd qiladi. Yevropa mamlakatlari bu borad oldingi oʻrinlarda”.

Taʼkidlanishicha, suiqasdning eng yuqori koʻrsatkichlari soʻnggi yillarda rivojlangan mamlakatlarda qayd etilmoqda. Masalan, har 100 ming kishiga — Litvada 68,1 ta holat, Belarusda 63, Rossiyada 58, AQSHda 52, Shri Lankada 44, Ukrainada 40 ta holat toʻgʻri keladi.

“Oʻzbekistonda esa oʻz joniga qasd qilish boʻyicha yiliga har 100 ming kishiga 5,2 ta holat toʻgʻri kelmoqda, — dedi Bositxonova. — Lekin shu koʻrsatkich ham biz uchun koʻp. Shuning uchun davlatimiz rahbari bu muammoga jiddiy eʼtibor berish, uning oldini olish choralari boʻyicha topshiriqlar beryaptilar”.

Qoʻmita raisi mazkur holatlarni globallashuv davri bilan izohladi, globalizatsiyaning ayanchli taʼsirlari Oʻzbekistonga yetib kelishi mumkinligidan xavotir tuyishini aytdi.

“Oʻzbekistonda 2019-yilning oʻtgan davrida erkaklar va ayollar oʻrtasidagi suiqasd koʻrsatkichlari tahlil qilinganda, erkaklar bilan bogʻliq holat 57,3 foizni, ayollar bilan bogʻliq holat 42,7 foizni tashkil etdi”, — dedi Elmira Bositxonova.

Jurnalistlar oʻz joniga qasd qilayotganlarning nechtasi erkak, nechtasi ayol ekani, qanchasi voyaga yetmaganlar va shundan qanchasi qizlar ekani haqida aniq statistik raqamlar keltirishni soʻradi.

“Men foiz koʻrsatkichlarida aytib oʻtdim, buni aholi soniga taqsimlab hisob-kitob qilsa, aniq raqamlar kelib chiqadi, — dedi Bositxonova. — Oʻzbekiston aholisi 33 mln ekanini inobatga olsak va foizlar kesimida chamalasak, mamlakatimizda 700 dan ortiq erkak hamda 600 ga yaqin ayol suiqasd qilayotgani maʼlum boʻladi”, deya xotin-qizlar qoʻmitasi raisidan iqtibos keltirmoqda AOKA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?