Oʻzbekistonda ham Jahon hunarmandlari shahri unvoniga ega shahar bormi?

17:30 06 Avgust 2019 Jamiyat
171 0

Tashkiliy qoʻmita maʼlumotlariga koʻra, ushbu yirik sanʼat va madaniyat forumida dunyoning 73 mamlakatidan 500 dan ortiq xunarmandlar ishtirok etish taklifini bildirdi. Bu haqida Fargʻonadan muxbirimiz Elyorjon Ehsonov xabar berdi.

Uning aytishicha, Qoʻqon shahridagi “Baxt uyi” tantanalar saroyi festivalning matbuot markazi sifatida tanlangan. Bu yerda mahalliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlarining maʼlumot uzatishlari uchun zamonaviy kompyuterlar, yuqori tezlikdagi Wi-Fi zonasi, Qoʻqon hunarmandchiligi aks etgan  burchak tashkil etilgan.

Bugun ilk marta festival oldidan jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Xalqaro hunarmanchilik festivalini yoritishda mamlakatimizning barcha hududlari va chet eldan keladigan televideniye, radio, gazetalar va internet nashrlarining bir yuz ellikdan ortiq jurnalistlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, Qoʻqon shahriga yaqinda “Jahon hunarmandlari shahri” unvoni berildi. Jahon hunarmandlari shahri unvoniga esa  2014-yildan buyon dunyodagi bor-yoʻgʻi 30 ta shahar sazovor boʻlgan, xolos. Qoʻqon shahri ushbu unvonga loyiq topilgan oʻttiz birinchi va MDH davlatlari orasidagi birinchi shaharga aylandi.

Ayni kunlarda koʻhna kentda ushbu yirik xalqaro tadbirga qizgʻin tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Matbuot anjumanida Qoʻqon shahar hokimi taʼkidlaganidek, mezbonlar katta shodiyonaga tashrif buyuradigan mehmonlarni oʻziga xos tarzda kutib olishga alohida hozirlik koʻrayotir. Jumladan, 5 qitʼadan 200 dan ortiq xunarmandlar 24 yoʻnalish boʻyicha ishtirok etadi. Shu kunga qadar 170 nafar qatnashish istigidagi xunarmandlarga yoʻl chiptalari yuborilgan.

Festival dasturiga binoan, xorijiy va mahalliy hunarmandlarning koʻrgazma-savdosi, koʻrik-tanlovi, mahorat darslari, ilmiy-amaliy konferensiya hamda folklor-etnografik guruhlarining chiqishlari boʻlib oʻtadi. Turli xalq oʻyinlari, teatr tomoshalari, anʼanaviy kurash, chavandozlik, qoʻgʻirchoqbozlar hamda mahalliy dizaynerlarning moda namoyishlari, palov tayyorlash, oʻzbek milliy musiqa va raqs konsert dasturlari oʻtkaziladi.

Dasturga koʻra, Oʻrda maydonida festivalning rasmiy ochilish va yopilish marosimi, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari koʻrgazma-savdosi hamda xalq sayllari, qoʻgʻirchoqbozlik, dorbozlar va folklor jamoalari, viloyatlar madaniyat boshqarmalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari namoyish etiladi, osh tanlovlari oʻtkaziladi.

Festivalga qadar 200 dan ortiq turizm navigatsiyasi belgilari, 162 kuzatuv kameralari oʻrnatilmoqda.

-Koʻhna kentda Xudoyorxon oʻrdasi, Jomeʼ masjidi, Norboʻtabiy va Sohibzoda Hazrat madrasalari, Modarixon dahmasi va Dahmai shohon kabi 62 madaniy meros obyektlari mavjud,-deydi Birinchi xalqaro xunarmandchilik festivali matbuot markazi rahbari Sobir Shukurov. -Festivalga tayyorgarlik ishlari jarayonida har bir madaniy meros obyekti boʻyicha turli tillarda bukletlar tayyorlandi. Tashrif buyuruvchilarga yuqori darajada xizmat koʻrsatish faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Tayyorgarlik jarayonida shaharda shu yilning avgustiga qadar 10 ta yangi mehmonxona foydalanishga topshiriladi. Beshta mehmonxona kapital rekonstruksiyadan chiqarilmoqda. Festival markazi Xudoyorxon oʻrdasida mukammal taʼmirlash ishlari oʻz yakuniga yetkazilish arafasida.

Ilk marta xalqaro festival oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar batafsil javob qaytarishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?