Oʻzbekistonda Google bilan hamkorlikda virtual muzeylar paydo boʻladi

12:10 28 Avgust 2018 Jamiyat
385 0

Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼat sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Shu asosda yurtimizdagi asosiy madaniyat hamda sanʼat obyektlari boʻylab 3D-turlar ishlab chiqish belgilab qoʻyildi.

Binobarin, madaniyat, tashqi ishlar, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, moliya vazirliklariga Google Cultural Institute bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish topshirigʻi berildi.

Dunyoga mashhur kompaniya bilan birgalikda diyorimizdagi asosiy madaniyat va sanʼat obyektlari boʻylab 3D-turlar yaratiladi. Bu esa ularni mamlakat aholisi va xorijliklar oʻrtasida yanada ommalashtirish hamda ilgari surish imkonini beradi.

Shuning uchun yaqin kunlar ichida muzeylar, teatrlar va shu kabi muassasalar haqida maʼlumotlar joy olgan sayt paydo boʻladi. Saytda ana shu obyektlarda joylashgan madaniy boyliklar yoʻnalishni koʻrsatib berish funksiyasi(marshrutizator)ga ega interaktiv xarita koʻrinishida tasvirlanadi hamda elektron chipta savdosi ham yoʻlga qoʻyiladi.

2020 yil boshiga kelib yirik muzeylar qoshidagi fondi muntazam toʻldirib boriladigan jamoatchilik uchun ochiq boʻlgan kutubxonalar tarmogʻi shakllantiriladi.

Maʼlumot uchun, Google Cultural Institute(Google madaniyat akademiyasi) yuzlab muzeylar, madaniyat institutlari va dunyo arxivlarini oʻzida birlashtirgan global taʼlim onlayn loyihasi va sheriklik dasturidir. Istalgan odam uning yordamida dunyodagi eng mashhur muzey majmualarini har kuni virtual tarzda aylanib chiqishi, ulardagi sanʼat durdonalarining eng mayda detallarigacha tomosha qilishi mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?