Oʻzbekistonda gilamdoʻzlik sanʼati haqida film suratga olindi

09:18 24 Avgust 2020 Madaniyat
275 0

«Oʻzbekkino» Milliy agentligi buyurtmasi bilan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan gilamlar haqida hikoya qiluvchi “Gilamlar – tarix poyandozi” nomli hujjatli film tasvirga olindi. Bu haqda Agentlik axborot xizmati xabar berdi.

Hujjatli film teoretik-koʻrgazmali maʼlumotlarga tayanib qolmay, asosan, Oʻzbekistonning turistik potensialini namoyish etuvchi yoʻnalishda ishlangan. Unda gilamdoʻzlik sanʼati qadimiy artefakt sifatida, bugungi kunda ham saqlanib, anʼanaga muvofiq davom etib kelayotgan sanʼat turi koʻrinishida ochib beriladi. “Gilamlar – tarix poyandozi” hujjatli filmining rejissyori Aleksandr Gamirov, ssenariy muallifi Mavluda Toshpoʻlatova, operator Umid Malikov, film direktori Gulnora Abdurahimova.

Syomka jarayonlari Oʻzbekistonning gilamdoʻzlik rivojlangan hududlarida, shuningdek, Xorazm viloyatining Xiva shahrida joylashgan «Xiva Ichan-Qalʼa Davlat qoʻriqxona muzeyi», “Hunarmand muzeyi”, “Xiva amaliy sanʼat va xoʻjalik muzeyi” hamda “Xorazm gilamlari” sexida boʻlib oʻtdi. Film ijodkorlari Buxoro, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ham suratga olish ishlarini olib borishgan.

Bundan tashqari, filmda gilam toʻqish, ipak va jun iplarning boʻyalishi, tabiiy boʻyoqlarning tayyorlanish jarayoni aks ettirilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston muzeylari fondida saqlanayotgan gilamlar hamda arxiv foto, video materiallardan foydalanilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?