O‘zbekistonda Yevropa kino festivali o‘tkaziladi

18:50 18 May 2018 Madaniyat
539 0

Joriy yilning 25-30 may kunlari poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomli kino saroyida 6-Yevropa kinosi festivali o‘tkaziladi. Festival “O‘zbekkino” Milliy agentligi hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorligida tashkil etilmoqda.

O‘zA xabariga ko‘ra, bu safar tomoshabinlarga Germaniya, Latviya, Ruminiya, Sloveniya, Shveysariya, Finlyandiya, Fransiya, Chexiya, Vengriya va Belgiya davlatlari tomonidan ishlab chiqarilgan 12 ta film taqdim etiladi. 

Festivalni Shveysariyada suratga olingan “Muhabbatda telbalar” filmi ochib beradi. Romantik musiqali komediyada Shveysariyada istiqomat qiluvchi shri lankalik yosh yigitning yevropalik qizga bo‘lgan muhabbati kulgili voqealar orqali ochib beriladi. 

Shuningdek, oilaviy ko‘rish uchun mo‘ljallangan 4 ta kartina ham namoyish etiladi: “U basketbolchi bo‘la qolsin” (Sloveniya, 2017), “Kompyuterdan xavfliroq bobo” (Latviya, 2017), ”Bubul” (Shveysariya/Belgiya, 2014), “Xonaki” (Ruminiya, 2012). 

Festival kun tartibidan ikkita hujjatli film ham o‘rin olgan bo‘lib, "To‘rt element" (Finlyandiya, 2017) filmi beshta noyob personajlar sarguzashtlari orqali Yer, havo, suv va olov uzra xayolan sayohat qilish imkonini beradi. 

"Ertaga" hujjatli filmida (2015 Fransiya,) esa ijodiy jamoaning 10 ta mamlakat (Fransiya, Daniya, Finlyandiya, Belgiya, Hindiston, Buyuk Britaniya, AQSh, Shveysariya, Shvetsiya, Islandiya) bo‘ylab sayyohati aks etgan. Unda 2100 yilda insoniyatni qanday inqiroz kutishi mumkinligi xususida so‘z boradi. Ekspeditsiya qishloq xo‘jaligi, energetika, iqtisodiyot, demokratiya, ta’lim sohasidagi mutaxassislar bilan uchrashgan. 

Festivalda taqdim etilgan barcha filmlar suratga olgan mamlakat tilida efirga uzatiladi. Shuningdek, rus tilida subtitrlar beriladi. Barcha kino namoyishlari bepul.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?