Oʻzbekistonda yetishtirilgan dukkakli ekinlar Benilyuks davlatlari bozorlariga eksport qilinmoqda

11:12 30 Iyun 2020 Iqtisodiyot
308 0

Mahalliy “Global Export Company” kompaniyasi Niderlandiya va Belgiyadagi yirik distribyutorlik kompaniyalariga dukkakli don mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri eksport qilishni yoʻlga qoʻydi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Xususan, kompaniya erishilgan kelishuvga koʻra, joriy yilda qiymati 2 million AQSH dollariga teng mahsulot eksport qiladi. Unga koʻra, yil yakuniga qadar 330 tonna dukkakli don mahsulotlari yetkazib beriladi. Xususan, joriy yilning iyul oyida shu yil yetishtirilgan mosh va loviya hosilidan 50 tonna mahsulotni Belgiyaga joʻnatish koʻzda tutilgan.

Kompaniya vakiliga koʻra, “Global Export Company” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan koʻrsatilgan moliyaviy koʻmak yordamida tayyorlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi boʻyicha xalqaro standartlar joriy etilgan. Natijada yuqori sifatli dukkakli mahsulotlarni bozorlarga uzluksiz yetkazib berish boshlandi. Shuningdek, Belgiya va Niderlandiyadan biznes-hamkorlarni topishda mamlakatimizning Benilyuks davlatlaridagi elchixonasi katta yordam bermoqda.

Eslatib oʻtamiz, “Global Export Company” mamlakatimizda dukkakli don mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. Korxonaning yillik eksport hajmi 10 ming tonnani tashkil qiladi. Kompaniya mamlakatimizning barcha hududlaridagi fermer va dehqon xoʻjaliklari tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni xalqaro bozorda sotishga koʻmaklashadi.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerak, elchixona tomonidan mamlakatimizda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi va ishlab chiqarilgan toʻqimachilik mahsulotlarini Yevropa davlatlariga eksport qilish uchun yangi bozorlar va xaridorlar topish borasidagi saʼy-harakatlar davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?